O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi qonun loyihasi muhokamada
2017-04-28 | Jamiyat
Mamlakatimizda yagona davlat xaridlari tizimini yaratish, shuningdek, davlat sektorini maqbul narxlardagi tovarlar, ishlar va xizmatlar bilan ta’minlash maqsadida "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjat Iqtisodiyot, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tayyorlangan.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida mazkur qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar vakillari, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda "Korrupsiyaga karshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijrosini ta’minlash doirasida ishlab chiqildi.
– Hozir davlat xaridlari sohasidagi mavjud me’yoriy-huquqiy bazaning tizimga solinmagani tufayli ayrim me’yorlar turlicha talqin etilib, oqibatda ularni amalga oshirishda muayyan qiyinchiliklar kuzatilmoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Anvar Ikromov. – Mazkur qonun loyihasi "Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarning me’yorlarini qamrab olgan.
Tadbirda davlat xaridlari tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, xaridlar jarayoni ochiqligiga xizmat qiladigan mexanizmlarni joriy etish masalalari muhokama etildi.