O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Neft-gaz mahsulotlari ta’minoti – parlament va jamoatchilik nazoratida
2017-04-28 | Iqtisodiyot
Aholi turmush farovonligini yuksaltirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni hisoblanadi. Neft-gaz sanoatidagi chora-tadbirlardan ko‘zlangan ustuvor maqsad ham aholini uglevodorod mahsulotlari bilan ta’minlash tizimini izchil rivojlantirishdan iborat.
Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi tomonidan 2010-2016-yillar mobaynida qariyb 20 milliard dollarlik kapital qo‘yilmalar kiritilganiga qaramasdan suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish hajmi kamaygani, xomashyo importi 1,3 barobar ko‘paygani, berilgan topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilishi bilan bog‘liq ishlar yetarli darajada emasligi ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylardagi ahvolni o‘rganishlari aholini tabiiy va suyultirilgan gaz hamda neft mahsulotlari bilan ta’minlashdagi muammolar jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda uglevodorod zaxiralarini geologik-qidiruv ishlarining borishi va istiqbolli yo‘nalishlari, iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholini neft va gaz mahsulotlari bilan ta’minlashning holati hamda istiqboldagi rejalar xususida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi aholisining neft mahsulotlari va tabiiy hamda suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash» mavzuida seminar o‘tkazildi.
Parlament quyi palatasi deputatlari, «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi hamda tarmoq korxonalari, Iqtisodiyot vazirligi, «O‘zstandart» agentligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda «O‘zbekneftgaz» tizimidagi korxonalar tomonidan mamlakatimiz aholisining neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan kompleks ishlar haqida ma’lumot berildi.
«O‘zbekneftgaz»ning uglevodorod qazib chiqarish ishlari Ustyurt, Buxoro-Xiva, Hisor, Surxondaryo va Farg‘ona neft-gazli hududlarida olib borilmoqda. Mamlakatimizda bugungi kunda 141 neft va gaz koni faoliyat ko‘rsatmoqda.
2010-2016-yillar mobaynida avtobenzin ishlab chiqarish 26,2 foiz, dizel yonilg‘isi 8,3 foizga kamaygan. Milliy iqtisodiyotning o‘sib borishi natijasida neft mahsulotlariga, ayniqsa, avtobenzin va dizel yonilg‘isiga bo‘lgan talab ham ortmoqda.
– Aholi murojaatlari tizimni takomillashtirish, uning qonunchilik asoslarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev. – Bunda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, neft-gaz zaxiralarini tejagan holda ularni maqsadli ishlatish masalalari ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. O‘tkazilgan seminardan ko‘zlangan maqsad ham mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llarini topish orqali odamlarni rozi qilish, talab va ehtiyojlarini ta’minlash kabi masalalarga yechim topishdan iboratdir.
Bahs-munozara va amaliy muloqot ruhida o‘tgan tadbirda odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pgina masalalar o‘rtaga tashlandi.