O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ezgulik, saxovat va mehr-oqibat namoyishi

2017-04-28 | Jamiyat

Termiz shahridagi muhtasham “Osiyo” restoranida Surxondaryo viloyati markazi, Angor, Termiz va Muzrabot tumanlarida istiqomat qilayotgan 20 juft kelin-kuyovning nikoh to‘yi o‘tkazildi.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilishning o‘ziga xos yangi tizimi shakllantirilgani fuqarolarning muammolarini atroflicha o‘rganish, joyida hal etish va ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. 

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan xayriya nikoh to‘ylari ham azaliy qadriyatlarimizga xos ezgu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat va xayr-saxovat rishtalarini mustahkamlash, inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan barchaga manzur bo‘lmoqda. 

Milliy urf-odat va an’analarimizga muvofiq o‘tkazilgan tadbirda Davlat mukofotlari sovrindorlari, el orasida obro‘-e’tiborga ega nuroniylar, mehnat faxriylari, mahallalar faollari, kelin-kuyovlarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Bayramona bezatilgan to‘yxonada kelin-kuyovlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. 

– Prezidentimiz rahnamoligida tashkil etilgan bu marosim mamlakatimizda yoshlar va yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Juma bobo Toshpo‘latov. – Kelin-kuyovlar chehrasida baxtiyorlik, ertangi kunga ishonch ifodasini ko‘rib, shunday yurtda yashayotganimdan g‘ururlanib ketdim. Bizning davrimizda qo‘li kalta oilalar farzandlarining nikoh to‘yini shunday katta shodiyona bilan o‘tkazib berish u yoqda tursin, yoshlardan holing ne, deb hech kim so‘ramagan. Bugun farzandlarimizning baxtli bo‘lishi uchun barcha sharoit muhayyo. Kam ta’minlangan va yosh oilalar davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biz, keksalar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, yangi oila qurayotgan o‘g‘il-qizlarimizga baxtu saodat, yurtimizda olib borilayotgan ezgu ishlarga rivoj tilab duo qilmoqdamiz. 

Xayriya tadbirida yosh oilalarga Prezident sovg‘asi – zamonaviy yotoqxona mebellari to‘plami, viloyat hokimligi va boshqa homiy tashkilotlarning sovg‘alari topshirildi. Nikoh uzugi, milliy sarpolar tuhfa qilindi. 

– Bugun katta farzandimiz Yunusjonning nikoh to‘yini o‘tkazdik, – deydi Termiz tumanidagi Tinchlik mahallasida istiqomat qilayotgan Sayyora Abdunazarova. – Kelinimiz Sevaraxon Qumqo‘rg‘on tumanidan. Ularning nikoh to‘yini o‘tkazishga qurbimiz yetmay turgan edi. Kam ta’minlangan oilalar va ularning farzandlariga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlikdan boshimiz ko‘kka yetdi. Buning uchun barcha onalar nomidan Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman. 

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va viloyat mehnat bosh boshqarmasi hamkorligida nikoh to‘yi o‘tkazilayotgan kelin-kuyovlarning bandlik masalasi o‘rganib chiqilib, ularning 10 nafariga ishga joylashgani to‘g‘risida mehnat daftarchasi berildi. “Go‘zallik saloni” xizmatlaridan imtiyozli foydalanish imkoniyati yaratildi. 

– Suyukli jiyanim Boburjonning nikoh marosimi davlatimiz tomonidan o‘tkazib berilishini xayolimga ham keltirmagan edim, – deydi Angor tumanidagi Markaz mahallasida istiqomat qilayotgan Jamila Normurodova. – Ilgari bunday bo‘lishini tasavvur ham qilmaganmiz-da. To‘yni o‘tkazib berish bilan birga, zamonaviy mebel jihozlari va boshqa sovg‘a-salomlar ulashildi. Jiyanim o‘ziga munosib ish bilan ta’minlandi. Bunday ezgu ishlar boshida turgan davlatimiz rahbariga, hukumatimizga, barcha saxovatli insonlarga rahmat. 

Samimiy tilaklar bildirilgan, sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlar yangragan nikoh to‘yi saxovatpesha xalqimizning ezgulik, mehr-oqibat, ahillik kabi yuksak fazilatlarini keng namoyon etdi. Nafaqat kelin-kuyovlar va ularning ota-onalari, balki barchada Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yuksaltirdi, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamladi. 

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi. 

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA

Поделиться