O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsiya: yangi g'oyalar rivojlanishiga boshlaydi
2017-04-27 | Jamiyat
Innovatsiya, ishlab chiqarish va ilm-fan rivoji taraqqiyot omillaridan biri.
Amaliyotchilar bilan olimlarning hamkorligi bu borada katta ahamiyatga ega. Andijon mashinasozlik institutida bo‘lib o‘tgan respublika ilmiy-texnikaviy konferensiyasi ayni shu mavzuga bag‘ishlandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “GM Uzbekistan” AJ va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjuman mashinasozlikda innovatsion muammolarni muhokama qilish, ishlab chiqarish, ta’lim va fan integratsiyasini amalga oshirishga qaratildi. Unda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari va talabalar 400 dan ortiq maqolalari bilan ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari S.Ismoilov keyingi yillarda respublikamizda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish, yangilik yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, zamonaviy loyihalardan ishlab chiqarishda keng foydalanilayotganini ta’kidladi. Xususan, Andijon mashinasozlik instituti bilan “Uzavtosanoat” AK tarkibidagi mashinasozlik korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik andijonlik olimlarni yangi tashabbuslarga boshlayotgani bilan tabrikladi.
To‘rt yo‘nalishda davom etgan anjumanda ixtirochi talabalarning ilmiy izlanishlari ham o‘rganildi. Ayniqsa, mashinasozlik sanoati rivojiga qaratilgan loyihalar ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalardan o‘rin olgan ishlanmalar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
-Ixtirochi- talabalarni doim qo‘llab-quvvatlaymiz,-deydi “GM Uzbekistan” AJ xodimlar boshqaruvi direksiyasi tashkiliy rivojlantirish bo‘linmasi boshlig‘i Shavkatbek Yo‘ldoshev.- Bugungi seminarda avtomobilsozlikni rivojlantirish yo‘lida izlanayotgan yigirmadan ortiq iqtidorli yoshlarni safimizga qo‘shishni rejalashtirdik. Ularni hozirdan amaliy ishlarga yo‘naltiramiz. Ayni vaqtda xorijiy davlatlarda malaka oshirib kelgan o‘qituvchilar korxonamiz ishchilariga sohadagi yangiliklarni yetkazib borayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Kechga qadar davom etgan tadbirda ishtirokchilar ko‘plab yangiliklardan xabardor bo‘ldilar.