O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat Hokimi shahar Xalq qabulxonasida murojaatchilar bilan uchrashdi
2017-04-27 | Jamiyat
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon shahri Xalq qabulxonasida murojaat bilan tashrif buyurgan aholi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatdagi tashkilot va muassasalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ham ishtirok etishdi. Muloqotlarda kundalik hayotiy muammolar, hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar e’tibor markazida bo‘ldi.
“Cho‘lpon 100 yilligi” mahallasida istiqomat qiluvchi Marg‘uba Isomiddinova ikki yil ilgari bir kunda 1 tonna paxta chiqindisini qayta ishlab, zichlangan toy paxta tayyorlashga ixtisoslashgan “Global ekstrabe” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgan. Kichik korxonada o‘n kishi ish bilan band. Mahsulot Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlariga eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxona ijaradagi binoda faoliyat ko‘rsatayotganligi tufayli kredit olish va ish ko‘lamini kengaytirish borasidagi rejalarni amalga oshirishning imkoni bo‘lmayapti.
“Jumabozor” mahallasidan Ahmadillo Xolmatov o‘g‘illari bilan Soyguzar dahasida – katta yo‘l bo‘yida kichik oshxona tashkil etgandi. Hozir to‘rt kishi ishlayapti. Bir necha yil ilgari shahar hokimining farmoyishi bilan vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan bu joy bugungi kunda infratuzilma talablariga javob bermasligi sababli mahalliy mutasaddilar tomonidan buzish zarur, degan xulosaga kelingan. Tadbirkor esa faoliyatini to‘xtatishni istamayapti.
Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan keltirilgan shu kabi o‘nlab masalalarga oqilona yechim topish hamda murojaatchilarning ehtiyojini qondirish yuzasidan tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
- Andijonga Toshkent shahridan ko‘chib kelganman, - deydi hududdagi 24-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Po‘latoy Xonkeldiyeva. – O‘z nomimga uy-joy xarid qila olmaganim uchun ro‘yxatga qo‘yishda qiyinchilikka duch keldim. Viloyat hokimi ipoteka krediti asosida kvartira xarid qilishim va ro‘yxatga qo‘yish bilan bog‘liq muammolarni belgilangan muddatlarda hal etish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriq berdi. Murojaatim e’tiborsiz qolmaganligidan minnatdorman.