O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Do‘stlik, ijodiy hamkorlik konserti

2017-04-27 | Madaniyat

Musiqa millat va chegara bilmaydi. Bu san’at ezgu g‘oyalarning qaror topishi, ma’naviyatni yuksaltirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim vosita hisoblanadi.

"O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida taniqli dirijyor Vladimir Spivakov rahbarligidagi Rossiya Milliy filarmonik orkestrining konsertida ana shu jihatlar yana bir karra o‘z ifodasini topdi. 

Mamlakatimizda musiqa san’atining barcha janr va yo‘nalishlarini izchil rivojlantirish, yosh iste’dodlarni kamolga yetkazish, ijodkorlarning xalqaro hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni iqtisodiy soha bilan birga ijtimoiy-gumanitar, madaniy-ma’rifiy jabhalarda ham yanada kengaytirishga kelishib olindi. 

Rossiya Federatsiyasining teatr, tasviriy san’at, musiqa, balet san’ati sohasi vakillari yurtimizda tashkil etilayotgan ijodiy tanlovlar, ko‘rik-festivallar, xalqaro biyennalelarda qatnashishi an’anaga aylangan. O‘zbekiston madaniyati va san’atini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar, konsertlar, musiqiy taqdimotlar Rossiyada muvaffaqiyat bilan o‘tkazib kelinmoqda.

"Bahor nafasi" xalqaro san’at festivali doirasida "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida mohir dirijyor, Rossiya Federatsiyasi xalq artisti, Myunxen filarmonik orkestri bosh dirijyori Valeriy Gergiyev boshchiligida Sankt-Peterburgning Mariinskiy teatri filarmonik orkestrining konsert dasturi katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan bo‘lsa, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida rossiyalik balet ustalari bilan hamkorlikda o‘tgan "Karmen-syuita" musiqiy dasturi san’at ixlosmandlariga bir olam zavq ulashdi. 

Mohir skripkachi va dirijyor Vladimir Spivakov musiqa ixlosmandlariga yaxshi tanish bo‘lgan "Virtuozi Moskvi" orkestrini salkam qirq yil oldin tashkil etgan. Klassik musiqa, uning mohiyati, teran falsafasini, bor jozibasiyu maftunkorligini tomoshabinlarga mahorat bilan yetkaza oluvchi maestro jahonning mashhur konsert zallarida musiqiy dasturini taqdim etgan. Nufuzli xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyat qozongan. U Fransiyaning Kolmar shahrida xalqaro musiqa festivaliga rahbarlik qilgan. Dirijyor tomonidan tuzilgan maxsus xayriya jamg‘armasi iste’dodli yoshlarga ko‘maklashish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashdek insonparvar maqsadlarni ko‘zlaydi. "Vladimir Spivakov taklif etadi..." xalqaro tanlovi har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. 2003-yil musiqachi Rossiya Milliy filarmonik orkestrini tashkil etdi. Rossiyaning yetakchi orkestrlaridan bo‘lgan mazkur ijodiy jamoa dunyoning mashhur dirijyor va musiqachilari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. V.Spivakov 2000-yil mamlakatimizda "Virtuozi Moskvi" orkestri bilan, 2011-yil MDH davlatlari yosh musiqachilari orkestriga dirijyorligi ishtirokida bergan konsertlari mamlakatimiz musiqa ixlosmandlari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan. 

"Bahor nafasi" xalqaro san’at festivali doirasida tashkil etilgan bu yilgi konsertda Rossiyaning Bolshoy teatri opera truppasi solisti, xalqaro tanlovlar sovrindori Anna Aglatova (soprano), Moskva shahridagi Ye.Kolobova nomidagi "Novaya opera" teatri solisti Vasiliy Ladyuk (bariton) hamda O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov (tenor) ishtirok etgani davlatlarimiz o‘rtasida musiqa san’ati sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini anglatadi. 

– O‘zbekistonga kelganimdan, o‘zbek tomoshabinlari bilan yana uchrashayotganimdan g‘oyat mamnunman, – deydi Vladimir Spivakov. – Serquyosh, mehmondo‘st, boy tarixiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy merosga ega bu diyor yuragimning bir bo‘lagiga aylanib qolgan. O‘zbekiston iste’dodlarga boy mamlakat. Ushbu konsert madaniy aloqalarimizni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Muhtasham zalda tomoshabinlar Rossinining "Sevilyalik sartarosh", Donitsettining "Don Paskuale", Verdining "Sitsiliya oqshomi", "Rigoletto", Bizening "Karmen" kabi operalaridan ijro etilgan uvertyura, ariya, kavatina, kupletlarni olqishlar bilan kutib oldi. Konsert yakunida Verdining "Traviata" operasidan "Dasturxon atrofida" qo‘shig‘ini san’atkorlar tomoshabinlarning qarsaklari jo‘rligida kuyladi. 
 
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

Поделиться