O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ta’lim tizimida zamonaviy texnologiyalar
2017-04-27 | Texnologiyalar
Toshkent shahridagi Inha universitetida “Microsoft” korporatsiyasi o‘quv xonasining ochilishi hamda ta’lim tizimida ofis dasturlaridan foydalanish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, “Microsoft” korporatsiyasi vakillari, poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va talabalari, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari “Microsoft Imagine Academy” ta’lim resursi imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelmoqda. Ushbu resurs dasturiy ta’minot sohasidagi innovatsion ishlanmalar, mashhur operatsiya tizimlari va ofis dasturlarining tuzilishini o‘rganish imkonini beradi. Shuningdek, universitetning aksariyat o‘qituvchilari butun dunyoda minglab o‘qituvchilarni o‘z safida birlashtirgan “innovatsion pedagoglar” maxsus hamjamiyati a’zosi hisoblanadi. Ular ta’lim jarayonini talabalar uchun yanada mazmunli va qiziqarli o‘tkazish uchun o‘z mashg‘ulotlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining barcha imkoniyatlaridan samarali foydalanmoqda.
“Microsoft” korporatsiyasi o‘quv xonasining ochilishi ushbu yo‘nalishdagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Zamonaviy komputer uskunalari, dasturiy ta’minot bilan jihozlangan o‘quv xonasi nafaqat talabalar, balki davlat tashkilotlarining eng so‘nggi operatsion tizimlar va ofis dasturlari bilan ishlash ko‘nikmalarini egallash istagida bo‘lgan xodimlari uchun maxsus kurslar, seminar va mahorat saboqlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan.
Seminarda mamlakatimiz ta’lim tizimida zamonaviy texnologiyalar va ofis dasturlaridan foydalanish, axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda ta’lim samaradorligini yanada oshirish, ta’lim sohasidagi zamonaviy yo‘nalishlar hamda “Microsoft Imagine Academy” resursidagi yangi o‘quv dasturlar haqida so‘z yuritildi.