O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mevlut Chavusho‘g‘lu: hamkorlikning yangi sahifalari
2017-04-26 | Siyosat
O‘zbek va turk xalqlari ko‘p asrlik tarix, mushtarak qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlarga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 26-aprel kuni Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘luni qabul qildi. Samimiy o‘tgan uchrashuv tafsilotlari, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining istiqbollari haqida Mevlut Chavusho‘g‘lu O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Avvalo, samimiy qabul uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiraman. Turkiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida biladi, o‘rtadagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Erdo‘g‘onning 2016-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bugungi hamkorlik munosabatlari O‘zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi ta’kidlanib, davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilingan, tashqi siyosat mahkamalarining muntazam maslahatlashuvlarini tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning yangi sahifalarini ochish borasida samarali kelishuvlarga erishilgan edi.
Mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirishda yangi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu rejalarni hayotga tatbiq etishda Samarqand viloyatida barpo etilayotgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Bu boradagi sheriklikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Turkiyaning yetakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzuridagi qabulda muhokama qilingan masalalar, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifalarini ochishga xizmat qilishiga ishonamiz.