O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X.Kamilovning Turkiya Tashqi ishlar vaziri M.Chavusho‘g‘lu bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra OAV vakillariga bayonoti
2017-04-26 | Siyosat
(Toshkent shahri, 2017-yil 26-aprel)
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Hozirgina yakuniga yetgan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 8-raundi an’anaviy O’zbekiston-Turkiya aloqalariga mos ravishda ochiq, qizg‘in, samarali va yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sayyohlik, madaniy va boshqa sohalarda ikki tomon munosabatlariga doir barcha dolzarb masalalar batafsil muhokama qilindi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek yetakchi xalqaro tashkilot va institutlar, birinchi navbatda BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doiralaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarimizning o‘xshash va muvofiqligini tasdiqladi.
Bugungi uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma ruhi va tamoyillariga ikki tomonning ham birdek sodiqligi qayd etildi.
Siyosiy maslahatlashuvlarimiz yakunlari bo‘yicha o‘zaro aloqalarimizning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallagan maqsad va vazifalarini belgilab beruvchi muhim kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, sizlarning guvohligingizda imzolangan Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi o‘zbek-turk munosabatlarini har jihatdan rivojlantirishga xizmat qiladi deb ishonch bildiramiz.
So‘zim so‘ngida O’zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotgan hamda mamlakatimiz va xalqimizga samimiy va iliq munosabat ko‘rsatayotgan Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri janob Mevlyut Chavushog‘luga o‘zimning chuqur hurmatimni yana bir bor izhor etmoqchiman.
E’tiboringiz uchun rahmat.