O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida madaniyat kunlari boshlandi
2017-04-26 | Madaniyat
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbirning ochilish marosimida elchixonalar, milliy madaniyat markazlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar qatnashdi.
Madaniyat haftaligi doirasida iste’dodlar tanlovi o‘tkazilib, unda uch nominatsiya (“Eng yaxshi ayol ijrochi”, “Eng yaxshi erkak ijrochi”, “Eng yaxshi guruh”) bo‘yicha talabalar o‘z iste’dodini namoyon etdi.
– O‘quv dargohimizda yigirmaga yaqin to‘garak faoliyat yuritadi, – deydi universitetning madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Go‘zal To‘xtasinova. – “Drama”, “Art”, “Foto”, “Sport” kabi klublar va turli tadbirlar yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish, san’at va sportga ishtiyoqini orttirishga xizmat qilmoqda. 2009-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan madaniyat kunlari tadbiri talabalar orasidan yangi iste’dod va iqtidor sohiblarini kashf qilish, ularni rag‘batlantirishga imkon bermoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasida xalqaro mezonlarga mos yuqori sifatli ta’lim berilmoqda.
Madaniyat kunlari doirasida intellektual musobaqalar, modalar namoyishi, madaniyat markazlari yarmarkasi, universitet talabalarining ijodiy asarlari tanlovi, milliy taomlar ko‘rgazmasi, adabiy-musiqiy konsert hamda drama klubining “The Match Maker” spektakli namoyishi rejalashtirilgan.