O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ta’lim sifati va samaradorligi oshadi
2017-04-26 | Ta’lim
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida ta’lim sifati va samaradorligini yuksaltirishga oid amaliy ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari B.Doniyorov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijtimoiy soha rivojiga doir tegishli yo‘nalishida ta’lim bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilanganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hamda 2017-yil 6-apreldagi "Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorlari o‘qitish tizimini yangi bosqichga ko‘tarishga imkon yaratadi.
Ushbu qarorlarga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tizimiga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining turlari belgilandi. Davolash-profilaktika maskanlarida statsionar sharoitda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarga bevosita muassasaning o‘zida umumiy o‘rta ta’lim berish tashkil etiladi.
Olis aholi punktlarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarning sifatli umumiy o‘rta ta’lim olishini ta’minlash maqsadida tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida umumta’lim maskanlarining filiallari tashkil etilib, ularda o‘quvchilar soni 100 nafargacha bo‘ladi. Boshqa umumta’lim maskanlariga yaqinligi hamda moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, o‘quvchilar soni 180 nafargacha bo‘lgan umumta’lim muassasalari ham filiallarga aylantirilishi mumkin. Tegishli maydonga ega bo‘lgan maktablar sinflarida o‘quvchilar tarkibi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sinf o‘quvchilarini muayyan fanlar bo‘yicha bo‘lib o‘qitish yuzasidan ham tegishli normalar belgilandi. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan ta’lim maskanlariga biriktirilgan hududlar (mikrohududlar) doirasida umumta’lim maskani pedagoglari tomonidan amalga oshiriladi. Bu maktablardagi o‘quvchilar sonidagi nomutanosiblikka barham beradi. Bolalarning intellektual rivojlanish jarayonini hisobga olib, ularni 6-7 yoshdan maktabga qabul qilish me’yorlariga ham aniqliklar kiritildi.
Majburiy ta’lim tizimi uchun (9+3 asosidagi) 18 umumta’lim fanidan davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi. Mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida jismoniy tarbiya fanidan davlat ta’lim standartlariga shaxmatni o‘rganish talablari singdirildi. 1-4-sinflarda matematika fanini o‘qitish mazmuniga dasturlashning ilk tushunchalari kiritilgani o‘g‘il-qizlarda informatika, axborot texnologiyalari faniga oid boshlang‘ich bilimlarni shakllantiradi. O‘quv rejasi ham yanada takomillashtirilib, "Informatika va hisoblash texnikasi asoslari" fani "Informatika va axborot texnologiyalari" deb o‘zgartirildi. O‘quvchilarni kasb-hunarni to‘g‘ri tanlashga yo‘naltirish maqsadida "Mehnat ta’limi" fani "Texnologiya" fani deb o‘zgartirildi va bugungi kun talabidan kelib chiqib, ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarga asoslangan holda qayta ishlandi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.