O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Baxtiyor oila – baxtli jamiyat asosi

2017-04-26 | Jamiyat

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili mohiyatidan kelib chiqib navbatdagi so‘rov o‘tkazdi. 

Oila va nikoh, farzand tarbiyasi, fuqarolarning ijtimoiy maqsad va intilishlariga bag‘ishlangan so‘rovda mamlakatimizning barcha hududlaridan turli aholi qatlamlari vakillari ishtirok etdi. 

Tadqiqot natijalari oila O‘zbekiston xalqi uchun muqaddas bo‘lib, uning ijtimoiy va ma’naviy ahamiyati yuqori ekanini ko‘rsatdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va demokratik islohotlar jarayonida oilaviy qadriyatlar fuqarolar uchun asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ularning fikricha, oila mamlakat barqarorligi va xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda, fuqarolar farzandlari va, umuman, jamiyat kelajagi uchun oilaning javobgarligini teran anglaydi.

So‘rov qatnashchilarining fikriga ko‘ra, turmush qurayotgan yigit-qizlarning yoshi mustahkam oila shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim omildir. So‘rov natijalariga ko‘ra, yigitlar 24-25, qizlar 21-23 yoshda oila qurishi maqsadga muvofiq, degan fikrdagi fuqarolar ko‘payib bormoqda. Shuningdek, yoshlar oila qurishdan avval ta’lim olishi, kasb egallashi, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishi zarur. 

Ishtirokchilarning fikricha, yoshlarning turmushga tayyorligi ularning ma’naviy yetukligi va oilasi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekani bilan belgilanadi. 

So‘rovni o‘tkazish jarayonida fuqarolar yoshlarni turmushga tayyorlash va bu bilan ota-onalar shug‘ullanishi lozimligini ta’kidladi. Ota-onalar mustahkam oila qanday bo‘lishi, er-xotin bir-biriga va farzandlariga qanday munosabatda bo‘lishi, nikoh-oila masalasiga taalluqli holatlarda qanday yo‘l tutishi kerakligini o‘zlari misolida ko‘rsatishi kerak. Shuningdek, ular mustahkam va ahil oila qurish uchun zarur fazilat hamda ko‘nikmalarni farzandlariga singdirishi shart. So‘rov qatnashchilarining ta’kidlashicha, bugungi kunda ushbu jarayonda nafaqat oila, balki ta’lim muassasasi, mahalla, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatadigan maxsus xizmatlar ham muhim o‘rin tutadi. 

Yurtdoshlarimiz Oila kodeksida mustahkamlangan qoidalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu kodeksga muvofiq turmush qurayotgan yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va o‘z salomatligi to‘g‘risida bir-birini xabardor qilishi lozim. 

So‘rov davomida aholining aksariyat qismi (99,4 foizi) ota-ona roziligi bo‘lajak oilaning baxtli va ahil bo‘lishida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. 

Ota-onalarning ko‘pchiligi farzandlarini yaxshi tushunishi va ularga ishonishini qayd etgan. Ular bugungi kunda ota-onalar va farzandlarning qarashlari va hayotdagi maqsadlari turlicha, degan fikrga qo‘shilmaydi. So‘rovda oilaviy qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelayotgani, kattalar va yoshlarning fikri bir-biriga mos kelishi aniqlandi. 

Tadqiqotda ayrim ota-onalar turli sabablar tufayli farzand tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermayotgani va bu masalaga mas’uliyat bilan yondashmayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Ishtirokchilarning to‘rtdan bir qismi farzandi maktabda darsga qatnashmayotganini tan olgan va buni ularning o‘qishga qiziqishi yo‘qligi yoki oilaviy ahvoli yaxshi emasligi bilan izohlagan. Har o‘ninchi ota-ona farzandi bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani, mobil telefondan qanday maqsadlarda foydalanayotgani bilan qiziqmaydi va bu borada bolasiga ishonishini qayd etgan. 

Ijtimoiy so‘rov jarayonida olingan natijalar maktabda o‘quvchilarning qiziqishiga qarab qo‘shimcha to‘garaklar, sport seksiyalari, kutubxonalar ochish, yosh avlodning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish, ularni ko‘cha, internet, turli yot g‘oya va qarashlar ta’siridan himoya qiladigan tadbirlar o‘tkazish zarurligini ko‘rsatdi. 

Xalqimiz mahallani milliy qadriyatlarni asrab-avaylab, avloddan avlodga yetkazadigan tarbiya maskani, deb biladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mahalla institutining o‘rnini yanada mustahkamlash va maqomini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Tadqiqotda mahallaning yurtdoshlarimiz hayotida tutgan o‘rni va oilaga ta’siri ham o‘rganildi. Ishtirokchilar bu boradagi savolga mahalla ular hayotida "katta va muhim o‘rin tutadi", deb javob qaytargan. Monitoring davomida o‘z turmush tarzi, oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar mahalladagi odob-axloq me’yorlariga mos bo‘lishi zarur, deb biladigan fuqarolar ko‘pchilikni tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi. Jamiyatimizda mahalla instituti maqomining yuqoriligi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning ushbu noyob instituti oila hayotida katta ahamiyatga ega ekani tasdiqlandi. 

O‘tkazilgan monitoring aholining katta qismi (90,7 foizi) oilalarning ajralishiga salbiy munosabatda ekanini ko‘rsatdi. Fuqarolar oila buzilishiga asosan yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi, ularda hayotiy tajriba yetishmasligi, bir-biri bilan murosa qila bilmasligi, kelishmovchiliklarning oldi olinmayotgani, vaqtinchalik moddiy qiyinchiliklar, er-xotinning fe’l-avtori bir-biriga mos kelmasligi sabab bo‘layotganini qayd etgan. 

So‘rov ishtirokchilarining fikricha, turmush qurayotgan yoshlarning muhabbati, bir-birini hurmat qilishi, ishonishi va qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, milliy an’ana, urf-odatlarimiz va odob-axloq normalariga rioya etishi baxtiyor va mustahkam oila tashkil topishida muhim omillar hisoblanadi. 

Ushbu so‘rov oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir. So‘rov qatnashchilarining aksariyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar oilalarda mustahkam munosabat shakllanishi, yosh oilalar moddiy ahvolini yaxshilash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash imkonini bermoqda, deb hisoblaydi. 

Muxtasar aytganda, tadqiqot O‘zbekistonda oilalar baxtli ekanidan dalolat beradi. Har yili tayyorlanadigan reyting (The World Happiness Report) natijalari ham buni tasdiqlaydi. Ushbu tadqiqotda baxt darajasi ijtimoiy taraqqiyotni ifoda etishi va davlat siyosatining maqsadi hisoblanishi qayd etilgan. Reyting natijalari bir qancha toifa bo‘yicha o‘z oilasidagi holatni 0 dan 10 balli shkala asosida baholash taklif etilgan 155 mamlakatning 3 ming fuqarosi javobiga asoslangan. Mazkur reytingda O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida eng yuqori va dunyoning 155 davlati orasida 47- o‘rinni egallagan. 
 

«Ijtimoiy fikr» markazi 
materiallari asosida 
 

 

Nodira Manzurova, O‘zA 

Поделиться