O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston milliy ko‘rgazmasi tojikistonliklarda katta qiziqish uyg‘otdi
2017-04-25 | Iqtisodiyot
Avval xabar qilinganidek, Tojikistonda O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalari mahsulotlarining milliy ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Ko‘rgazma mamlakatimizning iqtisodiy va eksport salohiyati, investitsiya siyosati bilan Tojikiston ishbilarmon doira vakillarini tanishtirish, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi va turizm sohasini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston va Tojikistonning vazirlik va idoralari xodimlari, tadbirkorlar, jurnalistlar, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Belarus, Eron, Qatar, Qozog‘iston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston, Fransiya, Yaponiya kabi davlatlar vakillari, BMT, YeXHT, Yevropa ittifoqi, xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada mamlakatimizning 160 dan ziyod kompaniyasi 1 ming 500 turdagi mahsulotlarni namoyish etdi.
Dushanbe shahridagi "Poytaxt – 90" savdo markazida elektrotexnika, kabel, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, santexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, charm mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar namoyish etildi.
Ochiq ko‘rgazma maydonida qishloq xo‘jaligi va transport texnikasi, xususan, yengil, yuk tashuvchi va maxsus avtomobillar, avtobuslar, velosiped va mototsikllar, traktorlar, paxta terish mashinalari va turli uskunalar taqdim etildi.
Ko‘rgazmaga kelganlar O‘zbekiston mustaqillik yillarida milliy sanoatni rivojlantirishda ulkan yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan biznes-forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 500 ga yaqin vakili qatnashdi. Forumda so‘zga chiqqan Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi F.Sattor va boshqalar mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyatga ega ekanini, ushbu ko‘rgazma va biznes-forum o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Biznes-forumda Tojikiston vakillari qo‘shma korxonalar tashkil qilish, savdo bozorlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, gidroenergetika, tog‘-kon, oziq-ovqat, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, transport, logistika, kommunikatsiyalar, mashinasozlik, qurilish, turizm va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
"O‘zagrotexsanoatxolding" aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnika vositalari namoyishi "Tojikagrolizing" kompaniyasi, fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillarida qiziqish uyg‘otdi. Buning natijasida qiymati 3 million AQSh dollariga teng bitim va shartnomalar imzolandi.
Ko‘rgazma va biznes-forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston tadbirkorlari o‘rtasida kimyo va neft-kimyo, elektrotexnika, oziq-ovqat, farmatsevtika, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari, avtomobilsozlik va mashinasozlik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 50 million dollardan ortiq qiymatdagi memorandum, shartnoma va bitimlarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalari mahsulotlarining milliy ko‘rgazmasi va uning doirasidagi tadbirlar Tojikiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi.