O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Andijon viloyatida 20 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

2017-04-25 | Jamiyat

Andijon viloyati Bo‘z tumani markazidagi “O‘zbegim” to‘yxonasida 20 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda xalq bilan bevosita muloqot tizimini shakllantirish, fuqarolarning muammolarini o‘rganish, ularni joyida hal etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. 

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, xalqimizga xos ezgu ishlar ko‘lamini kengaytirish, inson manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Andijon viloyati hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, Bo‘z va Ulug‘nor tumanlari hokimliklari hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan sunnat to‘yi tadbirida to‘y bolalarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Bo‘z tumani markazidagi “O‘zbegim” to‘yxonasida Ulug‘nor va Bo‘z tumanlaridan to‘yi bo‘layotgan 20 bola karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. 

– Bugun davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan farzandim Alisherning sunnat to‘yini o‘tkazdik, – deydi Ulug‘nor tumanidagi Mingbuloq mahallasida yashovchi Ziyodaxon Ro‘zimatova. – Mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarga, ayniqsa, farzandlarimizga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Buning uchun davlatimiz rahbariga, hukumatimizga, saxovatli insonlarga barcha onalar nomidan minnatdorlik bildiraman. 

To‘y bolalarga viloyat hokimligi, homiy tashkilotlarning sovg‘alari, turli mavzulardagi kitoblar to‘plami hamda Xalq banki tuman bo‘limlarida bolajonlar nomiga ochilgan hisobraqamiga 1 million so‘mdan pul mablag‘lari o‘tkazilgan jamg‘arma omonat daftarchalari tantanali ravishda topshirildi. 

– Farzandim Jahongirmirzoning nomiga 1 million so‘m mablag‘ qo‘yilgan omonat daftarchasini qo‘limga olar ekanman, beixtiyor ko‘zlarim quvonch yoshlariga to‘ldi, – deydi Bo‘z tumani Tafakkur mahallasida yashovchi Xadichaxon Jo‘rayeva. – Men baxtli onaman. Oilam, farzandlarim tinch, ko‘nglim xotirjam. Shunday yurtda yashayotganimdan faxrlanaman. 

Ezgulikka yo‘g‘rilgan mazkur xayriya tadbiri ko‘plab fuqarolarning ko‘nglini tog‘day ko‘tardi, ularga olam-olam quvonch va shodlik ulashdi. Eng muhimi, yurtdoshlarimiz qalbida mehr-oqibat, saxovat va ezgulik fazilatlarini yuksaltirib, ularda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi. 

 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA 

Поделиться