O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson manfaati hamma narsadan ustun
2017-04-25 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston fuqaroligini olish yoki undan chiqish, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish, biometrik pasportni rasmiylashtirish, chet elga vaqtinchalik chiqish uchun ruxsatnoma olish qonun-qoidalari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki va Tashqi ishlar vazirliklari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi mas’ullari ishtirok etgan tadbirda Toshkent shahri hamda poytaxt viloyatida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Tursunov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Yoqubov va boshqalar mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ratifikatsiya qilingan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasidir.
Fuqarolik davlat tomonidan barcha shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy huquq va erkinliklarni ta’minlashning asosi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z iltimosnomalariga ko‘ra, kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma’lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e’tiqodidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin.
Bugungi kunda fuqarolik berish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish va bunday yuksak unvonga munosib shaxslarni, avvalo «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirgan vaqtda turli obyektiv va boshqa hayotiy vaziyatlarga ko‘ra chet elda bo‘lgan aholisi orasidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida asosli qarorlar qabul qilish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston fuqarolikka qabul qilish borasida ham qonuniylik, insonparvarlik va ijtimoiy bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan holda inson manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmonlari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda doimiy istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning murojaatlari qanoatlantirilib, ular O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinmoqda.
Mazkur choralarning amalga oshirilishi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplariga to‘la mos keladi va o‘zbek zaminida tug‘ilib, o‘sib-ulg‘aygan hamda Vatanimizning taraqqiyoti va ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan shaxslarning manfaatlarini nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi demokratik qadriyatlar va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga sodiqligini namoyon etib, Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi g‘oyalari asosida har bir insonning fuqarolikka bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Ochiq muloqotda fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi, amaliy yordam ko‘rsatildi.