O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Adolat» SDP ishchi guruhlari mahallalardagi ahvolni o‘rganmoqda
2017-04-25 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi raisi vazifasini bajaruvchi O.Omonov va boshqalar Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan Harakatlar strategiyasi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, barcha sohalarni erkinlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda 2017-2021-yillarda mamlakatimizni yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi va deputatlik guruhi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
“Adolat – qonun ustuvorligida!” loyihasi doirasida Toshkent shahar kengashida tuzilgan ishchi guruhlari haftaning har chorshanba kunlari joylarda jismoniy va yuridik shaxslar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazmoqda. Har hafta hududdagi bittadan mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan xonadonlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, ijtimoiy obyektlarning holati, ulardagi mavjud muammolar, qonunlar ijrosini tizimli o‘rganish, aholi muammolarini hal etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
– Partiyamizning ishchi guruhlari joriy yilning fevral-mart oylarida 44 mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadon, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va ijtimoiy obyektlar holatini atroflicha o‘rgandi, – deydi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Toshpo‘lat Matibayev. – O‘rganishlar mobaynida ishchi guruhiga 763 murojaat kelib tushdi. Ularda keltirilgan masalalarni ijobiy hal etishga ko‘maklashish maqsadida tegishli tashkilotlarga 39 deputatlik so‘rovi yuborildi. Harakatlar strategiyasining ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan to‘rtinchi yo‘nalishi ijrosini ta’minlash maqsadida “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur” loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 9 tumandagi 90 dan ortiq maktab va 40 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasalarining sanitariya holati, o‘quvchilarning davomati, tibbiyot xonalarining zarur vositalar bilan jihozlanishi, oshxonalardagi oziq-ovqat mahsulotlari sifati o‘rganildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-apreldagi «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni partiyaning 2017-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarini belgilab olishda dasturilamal bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, uy-joy kommunal tizimini rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish borasida yangi takliflar tayyorlashga kelishib olindi.
Yig‘ilishda tibbiy yordam sifatini oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini mustahkamlash, uy-joy kommunal xo‘jaligi faoliyatini yanada yaxshilash, sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning samarali va oqilona sarflanishi borasida deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.