O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Guliston shahrida urush faxriylari uylarida bayram tadbirlari o‘tkazildi

2017-04-25 | Jamiyat

Sirdaryo viloyatida ham 9-may – Xotira va qadrlash kuni oldidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olinib, ularga Prezidentimiz nomidan sovg‘alar topshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan bunday saxovat tadbirlaridan faxriylar mamnun. 

Viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylardan iborat guruh Guliston shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Bektursun Pirmatov, Karim Muhammadiyev, Qarshiboy Sattorov va Aleksandr Bakayevlarning xonadonida bo‘lib, bir martalik pul mukofoti, yumshoq mebellar to‘plami va boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshirdi. 

– 1943-yil urushga ketdim, – deydi 91 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksandr Bakayev. – Ukraina va Polshani ozod etishda qatnashdim. Urushda haydovchi edim, shu bois bir necha bor dushman snaryadlaridan mashinam portlab, yaralanganman. Dala gospitallarida shifokorlar oyoqqa turg‘azib, jangga qaytargan. Urush tugagandan keyin ham besh yil armiyada haydovchi sifatida qoldim. 1950-yil mashinamda askarlarimizni dala mashg‘ulotlariga olib borayotganimda urush davridan qolib ketgan minaga duch kelib, portlab ketdik. Men bilan kabinada o‘tirgan komandir, yana 3 askar og‘ir jarohatlandik. Boshqa safdoshlarimiz shu yerning o‘zida halok bo‘ldi. Gospitalda davolanganimdan so‘ng xizmatdan ozod qilinib, jonajon yurtim – O‘zbekistonga qaytdim. 1986-yilgacha Gulistondagi 2-avtobazada haydovchilik qildim. Biz, keksalarga bunday yuksak e’tibor ko‘rsatib, e’zozlayotgan davlatimizdan minnatdormiz. Yurtimizda hamisha tinchlik bo‘lsin, xalqimiz farovonligi yuksalaversin. 

– Viloyatimizda 26 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 921 nafar mehnat fronti faxriysi, 24 nafar 100 yoshdan oshgan nuroniylar istiqomat qilmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi O‘.Abdiyev. – Davlatimiz rahbarining 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan e’lon qilingan farmon va qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, 16 nafar urush faxriysining uy-joyi qayta ta’mirlandi, 1 nafariga uy olib berildi. Bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan 224 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining barchasiga navbatsiz yengil avtomobil olish huquqini beruvchi sertifikat topshirildi. 

Shu kuni guruh vakillari viloyatda yashayotgan yana 22 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi xonadonida bo‘lib, sovg‘a-salomlar ulashdi. 

Guliston shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadonlarida o‘tkazilgan bayram tadbirlarida Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi. 
 
Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA

Поделиться