O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Nuroniylar maskani» keksalar xizmatida
2017-04-24 | Jamiyat
Kecha Izboskan tumanida zamonaviy me’morchilik asosida bunyod etilgan «Nuroniylar maskani» foydalanishga topshirildi.
Yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshi ulug‘ insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash, ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
E’tibor va g‘amxo‘rlik keksalarimizning tinch va osuda hayoti, dorilomon kunlar shukronasida o‘z ifodasini topmoqda. Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
Tuman markazida bunyod etilgan «Nuroniylar maskani» binosi keksa avlod vakillariga yaqinlashib kelayotgan «Xotira va Qadrlash kuni» oldidan ajoyib tuhfa bo‘ldi. Majmuaning ochilishi katta shodiyonaga aylandi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdi.
Ushbu maskanda keksalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Kutubxona, tibbiyot va maxsus trenajyorlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari, shaxmat-shashka klubi, choyxona nuroniylar ixtiyorida.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qatnashdi va yig‘ilganlarga mehr-oqibat, insoniylik, xayr-saxovat hamda Xotira va Qadrlash kunini yuksak saviyada nishonlash to‘g‘risida so‘zlab, yangi inshootni ishga tushishida samarali mehnat qilgan mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shundan so‘ng ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bir martalik pul mukofotlari hamda imtiyozli sertifikat asosida «Damas» avtomobili kalitlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Bunday muhtasham binoni ko‘rib, quvonmasdan iloji yo‘q, – deydi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Zulunboy ota Madraximov. – Yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik biz singari yoshi ulug‘lar umriga umr qo‘shadi.
- Yana bir xursandchilik, ko‘pdan beri haj safariga borishni niyat qilib yurar edim. Shu orzularim ham ushaladigan bo‘ldi. Prezidentimizga ming rahmat.
Tadbir davomida imkoniyati cheklangan insonlarga muruvvat yordami ko‘rsatilib, nogironlik aravachalari berildi. Shuningdek, istirohat bog‘ida yosh rassomlar ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.