O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyo chavandozlari bahsi
2017-04-24 | Sport
Toshkent viloyatida ot sporti bo‘yicha Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi birinchi bosqich musobaqalari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, mamlakatimiz ot sporti federatsiyasi hamda Xalqaro ot sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ellikka yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
Mamlakatimizda sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan barcha sport turi qatori ot sportini ham jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nufuzli musobaqalarni xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish, ot sportini milliy va zamonaviy turlari bilan uyg‘un rivojlantirish, joylarda zamonaviy maktablar faoliyatini yanada kuchaytirish bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O‘zbekistonda ot sporti bo‘yicha nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi Xalqaro ot sporti federatsiyasi vakili Yan Poslushniy (Polsha). – Yurtingizda boshqa sport turlari qatori ot sporti ham jadal rivojlanayotgani mamlakatingizning yuksak sport salohiyatidan dalolatdir.
Xalqaro ot sporti federatsiyasiga mamlakatimiz 1993-yilda a’zo bo‘lgan. Federatsiya tomonidan mazkur sport turining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor yurtimizda zotdor otlarni yetishtirish va parvarishlash, ot sporti tuzilmalarini zarur vosita va anjomlar bilan ta’minlash, yosh chavandozlar bilan tizimli mashg‘ulotlar olib borish, tajribali chavandozlarning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishiga erishishga xizmat qilmoqda. Muntazam tashkil etilayotgan chempionat va birinchiliklar yosh sportchilarning tajriba va mahoratini oshirishga xizmat qilayotir.
Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi bosqichlarida chavandozlarimiz yigirma uch marta shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin olgan. Sportchilarimizdan G‘ayrat Nazarov to‘qqiz marta g‘alaba qozongan. Umid Komilov olti marta, Aziz Sodiqov ikki marta birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Isojon Sodiqov, Davron G‘ofurov, Vladimir Shmelyov, Abdulaziz Mamatxonov, Nurjon Tuyoqboyev va A’zam Tolibboyev bir martadan g‘olib chiqqan. Musobaqa doirasida o‘tkaziladigan “Millatlar kubogi” jamoaviy bellashuvlarida ham mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari yigirma uch marta zafar quchgan.
Jumladan, 2016-yilgi sport mavsumida o‘tkazilgan Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi barcha bosqichida Nurjon Tuyoqboyev, Umid Komilov va A’zam Tolibboyev g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Bo‘stonliq tumanidagi xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan “Allyur” ot sporti klubida o‘tkazilayotgan musobaqaning shaxsiy bellashuvlarida chavandozlar konkur – to‘siqlardan ot sakratish yo‘nalishi bo‘yicha bahslashmoqda. Musobaqa doirasida an’anaviy “Millatlar kubogi” jamoaviy bahslari ham o‘tkaziladi.