O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
To‘ylar muborak, kelin-kuyovlar
2017-04-24 | Jamiyat
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, jamiyatimizda hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan bir qator jamoat tashkilotlari ishtirokida joriy yilning 20-aprelidan 26-mayigacha mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalar va Mehribonlik uylarida tarbiyalangan 620 juft kelin-kuyovning nikoh hamda 3 ming 280 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazilayotgani ham har bir fuqaro davlatimiz va hukumatimiz e’tiborida ekanining amaldagi ifodasidir.
Ushbu xayriya tadbiri ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarning ko‘nglini ko‘tarish, turmush farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishdek olijanob maqsadga xizmat qiladi.
21-aprel. Buxoro shahridagi “Parizod” to‘yxonasi bayramona bezatilgan. Davraga birin-ketin kirib kelayotgan kelin-kuyovlar karnay-surnay sadolari ostida milliy an’analarimizga muvofiq kutib olindi.
Yigit-qizlarning ota-onalari, qarindoshlari, mahalla faollari, faxriylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etgan nikoh to‘yida har bir tumanning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan tadbirlar dasturi davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.