O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Respublikasi Prezidenti Toni Tan Keng Yam davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 20-yilligi munosabati bilan bir-birlariga tabrik yo‘llaganlar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z qutlovida o‘tgan davrda “uzoq muddatli va serqirra hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda” sezilarli natijalarga erishildi, “o‘zaro siyosiy muloqot, jumladan, xalqaro tashkilotlar doirasidagi munosabatlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanib bormoqda”, deb mamnuniyat bilan ta’kidlagan.
O‘zbekistonda yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobidan mamlakatimizni modernizatsiya qilish va texnologik yangilashga hissa qo‘shayotgan Singapur kompaniyalarining samarali faoliyati alohida e’tirofga loyiq. Bugungi kunda Toshkentda Singapur menejmentni rivojlantirish instituti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlamoqda.
Singapur Prezidentining qutlovida bunday deyiladi: “Singapur va O‘zbekiston 20-yildan buyon ham o‘zaro munosabatlarda, ham xalqaro maydonda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar muntazamlik kasb etgan. O‘zbekistonda Singapur oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Doimiy siyosiy va iqtisodiy muloqotlar Singapur va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va yaqin hamkorlikning yorqin ifodasidir”.
Prezident Toni Tan Keng Yam qutlovida “Singapur va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada mustahkamlash maqsadida Siz bilan hamkorlik qilish imkoniyatini kutib qolaman”, - deb ta’kidlangan.