O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poyabzalga yashirilgan valyuta
2017-04-21 | Iqtisodiyot
Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralari orqali xorijiy valyutani mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada naqd xorijiy valyutaning muomalada bo‘lishini tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
O‘rnatilgan tartib-qoidalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi rezident jismoniy shaxslari hamda norezident jismoniy shaxslarga mamlakatimiz hududiga bojxona nazoratiga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valyutani olib kirishga ruxsat etilgan.
Mamlakat tashqarisiga naqd erkin almashtiriladigan valyutani olib chiqib ketishda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga 2 ming AQSh dollariga teng miqdorda, norezidentlarga esa yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasiga muvofiq olib kirilgan valyuta doirasida ruxsat etiladi.
Ko‘rsatilgan summadan ortiq naqd valyutani olib chiqib ketishga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun bosh litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunga amal qilmaganlar qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur tartib-qoidalar haqida eslatmalar jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralarini kesib o‘tish paytida to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham mavjud. Bundan tashqari, bu haqdagi ma’lumotlar aks ettirilgan devoriy plakatlar chegara bojxona komlpekslari va postlarining jismoniy shaxslar ko‘ziga yaqqol tashlanadigan joylariga ilib qo‘yilgan, postlarga o‘rnatilgan monitorlarda ham bojxona qoidalariga doir videoroliklarning doimiy namoyishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shunga qaramay, amaldagi tartiblarni chetlab o‘tib, naqd xorijiy valyutalarni yashirin ravishda olib chiqishga urinayotgan “uddaburon”lar uchrab turibdi. Yaqinda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ana shunday shaxslarning qilmishlarini fosh qildi.
Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida tahsil olayotgan qo‘shni davlat fuqarosi J.Norboyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ziga tegishli xalqaro to‘lov kartasidan o‘qish xarajatlari uchun 2200 AQSh dollarini vakolatli banklardan biri orqali naqdlashtiradi. Nafsi ustunlik qilib, naqdlashtirilgan valyutani belgilangan maqsadlarga sarflash o‘rniga, noqonuniy ravishda mamlakatimizdan olib chiqish choralarini izlaydi.
Oyoq kiyimlarining ichki qismiga 2200 AQSh dollarini xufiyona tarzda joylashtirib, qo‘shni davlatga o‘tmoqchi bo‘lgan paytda bojxonachilar tomonidan qo‘lga olinadi. Qo‘shni davlat fuqarosi F.Nazarmurodova ham xuddi shu usulni qo‘llashga urinadi. U ham o‘ziga tegishli xalqaro to‘lov kartasidan 500 AQSh dollarini vakolatli bankdan naqdlashtirib, oyoq kiyimiga yashirib olib chiqayotgan paytda to‘xtatib qolinadi.
Mazkur qonunbuzarlik holatlari yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tumani sudining tegishli qarorlariga asosan ushbu fuqarolarga nisbatan jazo choralari qo‘llanilib, ashyoviy dalil sifatida olingan 2 ming 700 AQSh dollari davlat egaligiga o‘tkazildi.