O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyatiga salomatlik poyezdi jo‘natildi
2017-04-21 | Jamiyat
Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan Navoiy viloyatiga salomatlik poyezdi jo‘nab ketdi.
Xalqimizning salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, ekologik jihatdan noqulay mintaqalarda yashovchi aholi, xususan, ayollar, bolalarni tibbiy-ijtimoiy himoyalash mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida bu borada belgilangan muhim vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar ko‘magida mamlakatimizning ekologik jihatdan noqulay mintaqalariga salomatlik poyezdlari jo‘natishi, ushbu hududlarda tashkil etilayotgan sog‘lomlashtirish loyihalari ana shunday tadbirlardandir.
Joriy yilning mart oyida Surxondaryo va Qashqadaryoda o‘tkazilgan shunday tibbiy-ijtimoiy aksiya doirasida mazkur viloyatlarning olis tumanlarida yashovchi uch mingga yaqin aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu hududlardagi o‘nta tibbiy-ijtimoiy muassasaga, uch mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga manzilli yordam ko‘rsatildi.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondidan ma’lum qilishlaricha, Navoiy viloyatida o‘tkaziladigan navbatdagi tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga alohida tayyorgarlik ko‘rilgan. Salomatlik poyezdi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilgan. Navoiy viloyatida 27-aprelga qadar salomatlik kunlari o‘tkaziladi. Bu tadbirlarni tashkil etishda poytaxtimizdan borgan shifokorlarga mahalliy mutaxassislar, xususan, fondning Navoiy viloyati ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ko‘mak beradi.
Salomatlik poyezdi Navoiy, Konimex, Qora-qata, Mustaqillik, Qizilquduq, Buzaubay, Uchquduq II stansiyalariga yaqin hududlarda faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, viloyatdagi markaziy shifoxonalar, bolalar shifoxonalari, tug‘ruq majmualari va maxsus maktab-internatlarga insonparvarlik yordami yetkaziladi.