O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro turnir yakunlandi
2017-04-20 | Sport
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha “Happy Caravan – 2017” xalqaro turniri yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Isroil, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Estoniya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlardan yuzga yaqin gimnastikachi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Xalqaro turnir murosasiz bahslarga boy o‘tdi. Musobaqalarda yakkaliklar va guruhlar o‘rtasida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Gimnastikachi qizlarning halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarishi, ijro mahorati, musiqa va ritmni his etishi, chaqqon va nafis harakatlari muxlislarga zavq bag‘ishladi.
Jamoaviy ko‘pkurash bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Diyora Burhonxo‘jayeva halqada 15,05 ball, Taxmina Ikromova to‘pda 15,15 ball, bulavada 14,35 ball, Sevinch Turdiyeva tasmada 14,15 ball to‘pladi. Shu tariqa 58,7 ball to‘plagan terma jamoamiz shohsupaning uchinchi pog‘onasini egalladi.
– Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqaga katta tayyorgarlik ko‘rilgani yaqqol sezilib turibdi, – deydi isroillik gimnastikachi Shai Rubiy Ben. –Ishtirokchilarning nafaqat o‘z iqtidorini namoyish etishi, balki madaniy hordiq chiqarishi uchun ham barcha sharoit yaratilgan. Xizmat ko‘rsatish yuksak darajada tashkil etilgan. O‘zbekistonda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qizlar safi ko‘pligi bizni hayratlantirdi. Bu sportni rivojlantirishga davlat tomonidan qaratilayotgan ulkan e’tiborning yaqqol ifodasidir.