O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qo‘shma korxonada yangi yigiruv tarmog‘i ishga tushdi
2017-04-20 | Iqtisodiyot
Qo‘qon shahridagi “Indorama Qo‘qon tekstil” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasida to‘rtinchi bosqich – umumiy qiymati 51 million dollar miqdoridagi loyiha amalga oshirilib, yangi yigiruv tarmog‘i ish boshladi. Bu mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish imkoniyatini kengaytirdi.
Prezidentimiz rahnamoligida paxta tolasini qayta ishlashning barqaror o‘sishini ta’minlash, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar yuksak samaralar bermoqda.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mavjud sanoat korxonalarining bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotgani texnologik jarayonlarni yangilash, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, mahalliy bozorni import o‘rnini bosadigan mahsulotlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘layotir. O‘tgan yili “Xumo to‘qimachi”, “Buluttekstil”, “Beshariq to‘qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Bunday ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.