O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahalliy xomashyodan sifatli dori-darmonlar
2017-04-20 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizda xalqimizning salomatligini asrash, tibbiyot sohasini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor samarasida farmatsevtika sanoati ham jadal rivojlanib, ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalarining turi hamda sifati tobora ortib borayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 16-sentabrdagi «2016-2020-yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi hamda 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Poytaxtimizning Sergeli tumanida joylashgan «Dentafill Plyus» korxonasi mamlakatimizdagi dori vositalari va tibbiy anjomlar ishlab chiqarayotgan yetakchi farmatsevtik korxonalardan biridir.
Korxona 2007-yilda tashkil qilingan bo‘lib, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida 22 farmakologik guruhga mansub 150 dan ortiq dori vositasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda eng zamonaviy asbob-uskunalar va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan zamonaviy laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi farmatsevtik mahsulotlarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida Germaniya, Shveytsariya, Hindiston, Xitoy kabi qator mamlakatlarning yetakchi farmatsevtik kompaniyalari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu, o‘z navbatida, korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda «Dentafill Plyus» korxonasi «Torimed pharm» va «Pharma pack» kabi yirik farmatsevtik tuzilmalarni birlashtiradi. 300 dan ortiq mutaxassis va ishchi xodim faoliyat yuritayotgan zamonaviy korxona o‘z faoliyatida istiqbolli yo‘nalishlarga sarmoyalar kiritish, ishlab chiqarish quvvatlarini zamon talabiga mos modernizatsiyalash hamda kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Kompaniya bilan mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalar, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida ham mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
– Korxonada tadqiqotlar va ishlanmalar sohasida innovatsiyalarni imkon qadar kengroq qo‘llash, aholini maqbul narxlardagi yangi va eng samarali dori vositalari bilan ta’minlash, biznes yuritish usullarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi korxonaning olimlar guruhi rahbari Ahadjon Shukurov. – Ishlab chiqarish sifatini yanada oshirish maqsadida Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti va Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda «Dentafill Plyus» korxonasining yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan sexlarida tabletkalar, kapsulalar, galen preparatlar, in’eksion va infuzion eritmalar shaklidagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada quruq holatdagi antibiotiklar, surtmalar, suppozitoriylar, siroplar, suspenziyalar, suyuq dorilar, tish pastasi va tibbiy buyumlar, qo‘lqoplar tayyorlanadi.
«Dentafill Plyus» korxonasining ustuvor maqsadlaridan biri samarali dori vositalarini ishlab chiqarishga doir ilmiy tadqiqotlarga sarmoya kiritishdir. Xususan, 2010-2017-yillarda korxona tomonidan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga 51 million AQSh dollaridan ortiq miqdordagi investitsiyalar yo‘naltirildi.
Korxonada Shveytsariyaning BFS texnologiyasi asosida ishlovchi dastgohlar ishga tushirilgan bo‘lib, bu dastgohlar yordamida in’eksion preparatlarni polimer ampulalarda ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, lateks xomashyosidan jarrohlik qo‘lqoplarini ishlab chiqarish texnologiyasi ham o‘zlashtirildi. Buning samarasida nafaqat sifatli mahsulot tayyorlanmoqda, balki 30 dan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Kompaniyada 2010-yil ISO 9001 xalqaro sifat menejmenti standarti joriy etilgan, farmatsevtik ishlab chiqarishga beriladigan GMP xalqaro sertifikati qo‘lga kiritilgan.
Bugun dunyoda tabiiy giyohlar asosida tayyorlangan dori-darmon va biologik faol qo‘shimchalarga ehtiyoj ortmoqda. Bunday tabiiy shifobaxsh vositalar inson vujudiga nojo‘ya ta’sir qilmaydi va salomatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Korxonada yurtimizda o‘sadigan dorivor o‘simliklarni ekstraksiya qilish, ulardan turli mahsulotlar ishlab chiqarish ustida izlanishlar olib borilmoqda. 400 gektar maydonda noyob dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ulardan tayyor dori-darmon olishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oluvchi yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Korxonada yaqin kelajakda tibbiyot buyumlari, kosmetik kremlar, farmatsevtik nanopreparatlar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.