O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonun hujjatlari targ‘iboti yo‘lida
2017-04-20 | Jamiyat
Navoiyda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2017-yil 8-fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifa va tadbirlarning amalga oshirilishi, huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha ishlarning uslubiy jihatdan ta’minlanishini tashkil etish, davlat boshqaruvi organlari xodimlari mas’uliyati va ijtimoiy faolligini yanada oshirishga bag‘ishlangan hududiy o‘quv-seminari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi boshlig‘i A.Ochilov va boshqalar mamlakatimizda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, xalqaro huquq me’yorlariga asoslangan milliy qonunchilik tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Yangi qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar, ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan aholini doimiy xabardor qilib borish, ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish hamda targ‘ib etishga mas’ul bo‘lgan davlat organlarini belgilash shartlari xususida fikr almashildi.
– Seminarda qonun hujjatlari mazmun-mohiyatidan aholini xabardor etish borasida ommaviy axborot vositalari oldida turgan dolzarb vazifalar ham ko‘rsatib o‘tildi, – deydi Navoiy viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i J.Umirzoqov. – Jurnalistlarning mavjud me’yoriy asoslarni xalqqa tushunarli tarzda huquqshunos mutaxassislar, tegishli tashkilot vakillari ishtirokida sharhlab, mazmunini teran ochib berishi muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon aholining huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirishga, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda yanada faol bo‘lishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar jarayonida qonunchilik targ‘ibotiga doir malaka va tajribalardan kelib chiqib, jamoat va nodavlat tashkilotlari ishtirokini kengaytirish, hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.