O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Latofat sohibalarining go‘zal musobaqalari
2017-04-19 | Sport
Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha nufuzli musobaqalar – Jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan – 2017” xalqaro turniri boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqalarda O‘zbekiston, Armaniston, Avstraliya, AQSh, Belarus, Bolgariya, Gruziya, Indoneziya, Ispaniya, Isroil, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Sloveniya, Tailand, Finlyandiya, Shveytsariya, Estoniya, Yaponiya va Qozog‘iston kabi davlatlardan yuz ellikdan ziyod kuchli gimnastikachilar g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
18-19-aprel kunlari “Happy Caravan – 2017” xalqaro turniri, 21-23-aprel kunlari Jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Bayramona bezatilgan Gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida 18-aprel kuni “Happy Caravan – 2017” xalqaro turniri boshlandi.
Chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jo‘rayev va boshqalar mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan etib belgilangani, bu jarayonda sportning qizlarga xos turlari, ayniqsa, badiiy gimnastikani yanada ommalashtirish, malakali murabbiylar tayyorlash, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli yoshlarni xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar qilib voyaga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizning barcha viloyatlarida gimnastika bilan shug‘ullanish uchun xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan markazlar tashkil etildi, ularda har kuni minglab o‘g‘il-qiz ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning eng istiqbolli va iqtidorlilari gimnastika bo‘yicha o‘smirlar va milliy terma jamoalar safiga qo‘shilmoqda.
2007-yilda Gimnastika bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi va 2011-yilda Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabi tashkil qilindi. 2009-yildan buyon gimnastikaning barcha turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarini Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash markazi hisoblangan mazkur maktabda o‘quv-mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish hamda yirik musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Jahon tajribasi hisobga olingan holda, murabbiylar malakasini oshirishga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada istiqbolli ilmiy va tibbiy yangiliklarni o‘rganish, sportchilarni tayyorlash, shuningdek, sport uskunalarini ishlab chiqarishga joriy etish – bularning barchasi sportni yanada ommalashtirish, salomatlik omiliga aylantirishga xizmat qilayotir. O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi shu maqsadda Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ilg‘or tajribani ommalashtirish uchun poytaxtimiz va viloyatlarda xalqaro hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida murabbiylar va hakamlar uchun seminarlar muntazam tashkil etilmoqda. Bu, birinchi navbatda, mamlakatimiz hududlarida sportchilarni tayyorlash darajasini oshirishga yordam berayotir.
Nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan gimnastikachilarimiz mahorati ortib borayotgani O‘zbekistonda ushbu sport turini rivojlantirishga tizimli ravishda yondashilayotganining samarasidir.
– O‘zbekistonda ko‘plab sohalar singari sportni, jumladan, bolalar va xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotir, – deydi estoniyalik murabbiy Yuliya Tyomushkina. – Mamlakatingizning yuksak sport salohiyati, mustahkam moddiy-texnik baza, yaratilgan shart-sharoitlar, to‘plangan boy tajriba tufayli har qanday yirik sport tadbiri yuqori saviyada o‘tkazilishi xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Poytaxtimiz bir necha bor badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichlariga mezbonlik qildi, 2010-yilda o‘smirlar o‘rtasidagi I Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionati o‘tkazildi. Jajji qizaloqlarni gimnastikaning nafis turiga keng jalb etish maqsadida an’anaviy "Happy Caravan" xalqaro turniri muntazam tashkil etilmoqda. 2014-yil o‘smirlar va qizlar o‘rtasida sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqa qit’a gimnastikachilari uchun II Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma berishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Mazkur musobaqalarda kashf etilgan yosh sportchilarimiz bugun qator davlatlarda o‘tkazilayotgan nufuzli sport anjumanlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Toshkentda Xalqaro gimnastika federatsiyasining 80-kongressi va Osiyo gimnastika ittifoqining Bosh assambleyasi ham tashkil etildi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydonda katta obro‘-e’tiborga ega ekanidan, mamlakatimizda sportning eng ommaviy turlaridan biriga aylangan gimnastikani rivojlantirishda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilayotganidan dalolatdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 7-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida sportning gimnastika turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 18-noyabrdagi «Gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosi yuzasidan federatsiya qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil ishlar olib bormoqda.
Avval faqat badiiy gimnastikaga ixtisoslashtirilgan maktab endilikda sport gimnastikasi va trampolinni o‘z ichiga qamrab olgan holda Gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabiga aylantirildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad gimnastikaning barcha turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bilan birga xalqaro maydonlarda o‘z iqtidori va salohiyati bilan yuqori natijalarga erisha oladigan sportchilarni tarbiyalashdan iboratdir.
Malakali kadrlar – murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasb mahorati va tajribasini oshirish maqsadida federatsiya huzurida Sportning gimnastika turlari bo‘yicha respublika murabbiylar va hakamlar maktabi tashkil etildi.
– O‘zbekistonda o‘tayotgan nufuzli musobaqalarda qatnashayotganimizdan xursandmiz, – deydi norvegiyalik gimnastikachi Ingrid Bratsberg. – Mamlakatingizda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga havas qilsa arziydi. Bu musobaqa har bir ishtirokchi hayotida yorqin va o‘chmas sahifa bo‘lib qolishiga ishonchimiz komil. Men ham ushbu nufuzli musobaqada bor mahoratimni namoyish etib, g‘alaba qozonish niyatidaman.
Musobaqaning yakkalik bahslarida Dildora Rahmatova, Nuriniso Usmonova, Taxmina Ikromova, Xurshida Abduraufova, Sevinch Turdiyeva, Nargiza Jumaniyozova, Diyora Burhonxo‘jayeva, Lola Zokirova, Farzona Usmonova singari gimnastikachilarimiz Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. Guruh bahslarida Shahrizoda Arzimatova, Yekaterina Fetisova, Shahrizoda Qayumova, Dinora Izzatullayeva, Sunajon Sotimboyeva, Anastasiya Tixonovadan iborat jamoamiz qatnashmoqda.