O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizda tasviriy va amaliy san’at festivali boshlandi
2017-04-19 | Madaniyat
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida tasviriy va amaliy san’at festivali boshlandi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur festivalning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz asos solgan milliy tasviriy san’atni yanada ravnaq toptirish, uning betakror maktab va an’analarini boyitib borish, ijodkor yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar bugungi kunda ham izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, ta’limning barcha bo‘g‘inlarini tubdan takomillashtirish, yosh avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlikni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xalqchilligi bilan yurtdoshlarimiz e’tiborini qozondi. Bu masalalar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsadlar bilan hamohang.
San’at haftaligi tadbirlari g‘oyat qiziqarli va rang-barang bo‘lib, ularda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan ijodkorlar, musavvirlar, xalq amaliy san’ati ustalari, dizaynerlar, haykaltaroshlarning o‘zaro ijodiy muloqoti uchun qulay sharoit yaratiladi. Ayni paytda festival tadbirlari, turli ko‘rgazmalar, taqdimot marosimlari, ijodiy tanlovlar davomida yangidan-yangi iste’dod sohiblarini aniqlash, ularning ijod namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniyati paydo bo‘ladi.