O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faxriylar xonadonida bayram
2017-04-19 | Jamiyat
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarining jasorat va matonati davlatimiz tomonidan qadrlanib, ularga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Oila va jamiyatni mustahkamlash, yoshlarni barkamol etib tarbiyalashda ularning hayotiy tajribasidan foydalanilmoqda. Prezidentimizning shu yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori faxriylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning amaldagi ifodasidir.
Mazkur hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylar holidan xabar olinmoqda.
Shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirobod tumanida bo‘lib o‘tdi. Harbiylar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi-yoshlar Oltinko‘l ko‘chasida yashovchi Abdulla ota Taziyev xonadonida bo‘ldi. Mudofaa vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i F.Shermatov va boshqalar 93 yoshli otaxonni Prezidentimiz nomidan bayram bilan tabrikladi, pul mukofoti, sovg‘a-salomlar topshirdi.
– Urushdan keyin maktabda o‘qituvchilik qildim, – deydi Abdulla ota. – Tuman hokimligi, mahalla vakillari, shogirdlarim yo‘qlab turishadi. Zamonaviy, biri-biridan ko‘rkam maktablarni ko‘rib quvonaman. O‘qituvchilarga ham, o‘quvchilarga ham havasim keladi. Men o‘zimni dunyodagi eng baxtli insonlardan biri, deb hisoblayman. Chunki osoyishta yurtda, elparvar Prezidentimizning g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib yashayapman. 3 farzandim, o‘nlab nevara-chevaralarim ardog‘idaman. Mahallamiz, butun yurtimiz boshiga ko‘tarib, e’zozlayapti.
Galina aya Ahrorova xonadoni ham bugun shodumonlikka to‘ldi. Farzandlari, nevaralari dasturxon atrofida yig‘ilgan.
Mudofaa vaziri o‘rinbosari D.Murotov va boshqalar onaxonni Prezidentimiz nomidan bayram bilan tabrikladi, pul mukofoti, sovg‘a-salomlar topshirdi.
Galina aya shu yil 92 bahorni qarshiladi. Turmush o‘rtog‘i A’lo Ahrorov harbiy shifokor bo‘lib ishlagan. Uch farzandni el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalagan. G.Ahrorova urushdan qaytgach, uzoq yillar harbiy sohada mehnat qilgan.
– El-yurt baxti, farzandlar rohatini ko‘rmoqdaman, – deydi onaxon. – Farzandlarim, nevaralarim yig‘ilganda xonadonimiz quvonchga to‘lib ketadi. Ilohim, bizni qadrlagan, ulug‘lagan insonlarning o‘zlari ham shu yoshlarga kirib, doimo elimiz ardog‘ida bo‘lsin, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikka ko‘z tegmasin
Shu tumandagi Sharof Rashidov nomidagi mahallada yashovchi Vladimir Yashkin xonadoni shogirdlari, mahalla yoshlari bilan hamisha gavjum. Otaxon 92 yoshda. Bolalik yillari Samarqand viloyatida o‘tgan. Otaxon urushdan keyin temir yo‘l sohasida, turli davlat idoralarida xizmat qilgan. Birinchi Prezidentimiz farmoniga asosan «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
Otaxon ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, yoshlar va bo‘lajak Vatan himoyachilarini tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish hamda uni ko‘z qorachig‘idek asrashga chaqirdi.
– Prezidentimiz rahnamoligida, avvalo, inson manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlardan behad mamnunmiz, – deydi otaxon. – O‘zbekiston baxtli insonlar mamlakati. Biz, keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, farzandlarimiz kelajagi yo‘lida qilinayotgan olijanob ishlar uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.