O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Odamlar turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan istiqbolli loyihalar

2017-04-17 | Siyosat

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 14-15-aprel kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi. 

Prezidentimiz viloyatga tashrifining ikkinchi kuni Samarqand shahridagi “Alpomish” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu yerda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi. 

Samarqand viloyati ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Turizmni rivojlantirish, sayyohlik xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish va yo‘nalishlarini kengaytirish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi salohiyatni yanada oshirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Samarqand shahrida erkin turistik hudud barpo etish bo‘yicha 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu loyihalarga ko‘ra shaharning Amir Temur ko‘chasida sayyohlik-ko‘ngilochar mehmonxona kompleksi, Samarqand eshkak eshish kanali bo‘yida qishki dam olish maskani barpo etish mo‘ljallanmoqda. 

Davlatimiz rahbariga mazkur yangi sayyohlik markazlarining imkoniyatlari, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar, ko‘ngilochar maskanlarda xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlarini namoyish etish bo‘yicha tashkil etiladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi. 

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Samarqand viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning shu yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni soha uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. 

Mazkur hujjatga muvofiq "Urgut" erkin iqtisodiy zonasining Urgut tumanida "Urgut-1", Nurobod tumanida "Urgut-2" va Pastdarg‘om tumanida "Urgut-3" hududlari tashkil etildi. Ushbu hududlar uchun jami 816 gektar yer ajratilib, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Bugungi kunda "Urgut-1" hududida yengil sanoat, maishiy texnika, tibbiyot jihozlari, farmatsevtika, charm-poyabzal, kanselariya mollari, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan 83 loyiha tayyorlangan, ularning 20 tasi joriy yilda ishga tushiriladi. Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi. 

Umumiy qiymati 250 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalar tijorat banklari krediti va ta’sischilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada 5,5 ming yangi ish o‘rni tashkil etiladi. 

Prezidentimiz ushbu strategik hududni tashkil etish borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Hududga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish, xorijdagi industrial zonalar faoliyatini o‘rganish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish lozimligi, Urgut tumanida muayyan kollejni tanlab, iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatadigan kadrlar tayyorlash, bunday tajribani “Qo‘qon”, “G‘ijduvon”, "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalariga ham joriy etish kerakligi qayd etildi. 

Tadbirkorlar bilan muloqotda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanish, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini rivojlantirish, tashqi bozorlarni o‘rganish va xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Prezidentimiz Samarqand shahrining Dahbed ko‘chasidan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi Nurafshon ko‘chasini obodonlashtirish loyihasi bilan tanishdi. 

Nurafshon ko‘chasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, atrofdagi eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan binolar o‘rnida shaharsozlik talablari asosida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy obyektlar quriladi. 

Davlatimiz rahbari shaharning Jomiy ko‘chasidagi Yoshlar markazini rekonstruksiya qilish, hayvonot bog‘i qurish loyihalarini ko‘zdan kechirar ekan, bu boradagi ishlarni aholining fikri va takliflari asosida amalga oshirish, milliy me’morlik va zamonaviy arxitektura an’analarini hisobga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2018-yillarda sanoat sohasida 125 investitsion loyiha amalga oshiriladi. Oziq-ovqat va yengil sanoat, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebel va qog‘ozni qayta ishlash, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-kimyo va boshqa sohalarda ko‘zda tutilayotgan loyihalar viloyatni izchil rivojlantirishga, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi 6 ming 300 dan ortiq kishining ishli bo‘lishiga xizmat qiladi. 

Viloyatda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 163 loyiha amalga oshirilmoqda. 

Nurobod tumanida “Navoiy metallmash” va Xitoyning “Gezhouba Group sement Co.LTD” korxonalari hamkorligida sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yiliga 2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxonada 530 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Pastdarg‘om tumanida quriladigan “Samarqand Afrosiyob sement” korxonasi foydalanishga topshirilgach, 300 kishi ish bilan ta’minlanadi. Korxonani 2018-yilda ishga tushirish mo‘ljallangan. 

Shavkat Mirziyoyev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida maishiy texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘zdan kechirdi. 

“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Ideal Elektro Lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiyaning “Odul” kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz plitalar, elektr duxovka, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 million dollarni tashkil etadi. Tovarlarning ma’lum qismi eksport qilinadi. 

“Coven Elektro” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 30 ming dona zamonaviy changyutgich ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, aholining maishiy texnikalar bilan ta’minlangani uning turmush darajasining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri ekanini ta’kidladi. Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendini yanada keng ommalashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi. 

Milliy bank tomonidan farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. “Optima Sobirjon”, “Perfect Pharma Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va “Samarkand England eko medical” qo‘shma korxonasida 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. 

Shu yerda viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, sportni yanada ommalashtirish, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish borasidagi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi. 

Samarqand shahri, Dahbed ko‘chasi, 32-uyda joylashgan ushbu qabulxonada fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Prezidentimiz Xalq qabulxonalari xalq bilan muloqot uchun erkinlik va qulaylik yaratgani, endi asosiy e’tiborni odamlarni rozi qilishga qaratish zarurligini ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida transport tizimini yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratdi va tramvay liniyalarini barpo etish zarurligini ta’kidladi. O‘tgan qisqa vaqtda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shahar ko‘chalarida po‘lat izlar yotqizildi. 

Prezidentimiz 15-aprel kuni Samarqand shahrida Temir yo‘l vokzali – Sartepa yo‘nalishi bo‘yicha tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari bir guruh samarqandliklar bilan “Tarix muzeyi” bekatidan “Temir yo‘l vokzali” bekatigacha tramvayda birga keldi. Samimiy muloqot chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor haqida so‘z bordi. 

Ikki tomonlama qatnovga mo‘ljallangan yo‘lda elektr bilan ta’minlovchi to‘rtta podstansiya va bitta depo qurildi. Temir yo‘l vokzali bilan Sartepa oralig‘idagi 7,2 kilometrlik yo‘nalishda 8 tramvay harakatlanadi. Samarqand shahrida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha 20 tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. 

Shuning bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar ijrosining amaliy ifodasi bo‘ldi. Tashrif davomida belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalar, muhokama qilingan yirik loyihalar viloyat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi. Odamlar bilan samimiy muloqotlar viloyat ahliga kuch-quvvat, katta xursandchilik bag‘ishladi. 

 

Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA

Поделиться