Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan Yangiyer shahrida tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) qatnashchilariga tadbirkorlik uchun mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklarni yaqindan yetkazish maqsadida jismoniy va yuridik shaxslar vakillari bilan navbatdagi sayyor uchrashuv o‘tkazildi.
Yangiyer shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda Prezidentimiz tashabbuslari bilan Sirdaryo viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida kichik sanoat hududini tashkil etish to‘g‘risida” 2017 yil 30 martdagi PQ-2860-son qarorining ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha, kichik sanoat zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish doirasida o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar, shuningdek, metall konstruktsiyalar va qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod qilindi.
Mazkur imtiyozlar 3 yil muddatga beriladi, bunda kichik sanoat zonasining qatnashchilari eng kam ish haqining kamida 2000 karra miqdoridagi hajmda investitsiyalar kiritishi shartligi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, ichik sanoat zonasi qatnashchisining yillik tushumi eng kam ish haqi miqdorining 1000 karrasidan kamroqni tashkil etgan taqdirda, ushbu imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli hisobot yili uchun ularni to‘lash bo‘yicha majburiyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tiklanadi.
Bojxona imtiyozlarini qo‘llangan holda olib kelingan uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar, metall konstruktsiyalar va qurilish materiallari olib kirilgan paytdan boshlab uch yil ichida sotilgan yoki bepul berib yuborilgan taqdirda, bojxona to‘lovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq hajmda undiriladi.
Uchrashuv yakunida viloyat bojxona boshqarmasining barcha sohaviy bo‘lim boshliqlari hamda viloyatning mutasaddi tashkilot rahbarlarining vakillari tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berishdi.