O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro press-klubda tashqi siyosat masalalari muhokama qilindi
2017-04-17 | Jamiyat
Toshkentda 14-aprel kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichdagi dolzarb masalalariga bag‘ishlangan anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro press-klub Jamoatchilik kengashi, mamlakatimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbar va vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Xalqaro press-klub Jamoatchilik kengashi raisi S.Safoyev, tashqi ishlar vaziri A.Komilov mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi dasturi kontekstida tashkil etilganini, ushbu hujjat ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab olganini alohida ta’kidladi. Keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq ekani, uning barcha yo‘nalishlari, avvalambor, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, tinchlik va barqarorlik, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgani qayd etildi. Zero, xavfsizlik farovonlik omilidir. Bu tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosat mintaqa davlatlari uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari ilk davlat tashriflarini Turkmaniston, Qozog‘iston va Rossiyaga amalga oshirgani mamlakatimiz tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy isbotidir.
Prezidentimizning mazkur davlat tashriflari mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Davlatimiz rahbari tashriflari tafsilotlari va natijalari nafaqat siyosiy doiralarda, balki jamoatchilik va ekspertlar orasida keng muhokama qilindi. Oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida iqtisodiyot, savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, transport va transport kommunikatsiyalari, sog‘liqni saqlash, bank-moliya, turizm, oziq-ovqat va yengil sanoat, madaniyat, fan-ta’lim kabi ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga oid imzolangan hujjatlar muhim strategik ahamiyatga ega. Tadbirda bularning barchasi mamlakatimizning davlatlararo munosabatlarini yanada taraqqiy ettirishga, erishilgan kelishuvlar samaradorligini oshirishga, xavfsizlik sohasida dolzarb masalalarni hal etishga, iqtisodiy raqobatbardoshlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tashqi siyosatini rivojlantirishning yangi ustuvor yo‘nalishlari, tashqi siyosat konsepsiyasining asosiy tamoyillari, qo‘shni davlatlar, mintaqalararo strategik sheriklar bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning dengizga chiqishini, xalqaro savdoda faol ishtirokini, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr almashildi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston tashqi siyosatining dolzarb masalalari, xususan, xalqaro va mintaqaviy muammolar, transchegaraviy daryolardan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyatini yanada oshirish, gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, transport koridorlarini yaratish, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatini yanada faollashtirishga oid savollariga javob oldi.