O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Loyiha energiyani tejash jarayoniga o‘z hissasini qo‘shmoqda
2017-04-14 | Iqtisodiyot
Iqtisodiyot vazirligi turli usullar yordamida energiya iste'molini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda. “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi ana shunday usullaridan biridir. Ushbu loyiha Jahon banki guruhi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan subloyihalarni moliyalashtirish mexanizmini tatbiq etish nazarda tutilgan.
Loyiha faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki o‘rtasida moliyalashtirish to‘g‘risidagi shartnoma tasdiqlangandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-iyuldagi “Xalqaro tarraqiyot uyushmasi ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 211-sonli qarorida belgilandi. Shartnomaga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirish uchun Jahon banki Guruhi a'zosi Xalqaro tarraqiyot uyushmasi tomonidan 25 million AQSH dollari ajratildi.
2013-yilda esa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12-iyundagi “Xalqaro tarraqiyot uyushmasi ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 168-sonli qaroriga asosan 100 million AQSH dollari qo‘shimcha moliyalashtirish sifatida ajratildi.
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida Xalqaro tarraqiyot uyushmasi kreditlaridan energiya iste'molini yuqori darajada talab etuvchi tog‘-kon va metallurgiya, kimyo, neft va gaz, elektr energiya, qayta ishlash, va qurilish materiallari sanoati sohalarining korxonalari foydalanishdi.
Imtiyozli kredit mablag‘lari har bir sohaga xos energiya iste'moli jihatidan samarali zamonaviy asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltirildi. Misol uchun, sement ishlab chiqaruvchi korxonalar zamonaviy avtomatlashtirilgan xom ashyoni me'yorlash va tashish bo‘yicha asbob-uskunalar, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonalari esa yangi bug‘ qozonlarni o‘rnatish bo‘yicha subloyihalarni amalga oshirishdi. Bundan tashqari, yirik kreditlar chastota uzgartirgichlar va kompressor stansiyalar kabi ko‘p sohalarda qo‘llaniladigan asbob-uskunalarni modernizatsiyalash bo‘yicha subloyihalarga yo‘naltirildi.
Quyidagi diagrammada ko‘rsatilganidek, subloyihalarning asosiy qismi tog‘-kon va metallurgiya, kimyo va qurilish materiallari sohalarida amalga oshiriladi. Ularning yarmidan ko‘prog‘i qo‘shimcha moliyalashtirish hisobidan ta'minlandi.
Shunday qilib, “O‘zmetkombinat” AJ, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati, va Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati tog‘-kon va metallurgiya yirik korxonalari energiya samaradorligi bo‘yicha 27 ta subloyihalarni amalga oshirmoqda. Dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu subloyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan yiliga 132,4 million kVt/s elektr energiyasi hamda 19,6 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi. Mazkur subloyihalar energiyani faol tejash, ikkilamchi energiya resurslari yordamida qo‘shimcha elektr energiya ishlab chiqarish va boshqa chora-tadbirlariga qaratilgan.
Kimyo sohasida, o‘z navbatida, 22 ta subloyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur subloyihalarda “Navoiyazot” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maxam” AJ korxonalari faol ishtirok etmoqdalar. Ularga havo bilan ta'minlash tizimi va havo ajratish blokini modernizatsiyalash, sovutish minoralarni rekonstruksiyalash va boshqa chora-tadbirlar kiradi. Subloyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish natijasida yiliga 150,4 million kVt/s elektr energiyasi hamda 56,7 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi kutilmoqda.
Qurilish materiallari sohasida 22 ta subloyiha amalga oshirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, subloyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan yiliga 43 million kVt/s elektr energiyasi hamda 18,9 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasida “Qizilqumsement” AJ va «Bekobodsement» AJ faol ishtirok etmoqdalar. Mazkur korxonalarda energiyani tejash ko‘rsatkichlariga xom ashyoni me'yorlash va tashish tizimlari hamda bo‘laklangan toshni yuklash tugunini modernizatsiyalash va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali erishiladi.
Buning ustiga, neft va gaz sohasida eng yuqori energiya iqtisodi kutilmoqda. Soha korxonalarida chiqindi gazlarni foydali ishga sarflash, avtomatik nazorat qilish tizimini tatbiq etish, hamda chastota o‘zgartirgichlarni joriy etish kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yiliga 154 million kVt/s elektr energiyasi hamda 95,7 million kub metr tabiiy gaz tejalishini ta'minlaydi.
Ta'kidlab o‘tamiz, birinchi bosqich doirasida ajratilgan kreditlar, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra mamlakatimiz bo‘ylab yiliga 167 million kVt/s elektr energiyasi hamda 54 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini yaratmoqda. Mazkur kreditlardan 18 ta yirik korxonalar foydalandilar. Shuningdek, “O‘ztransgaz” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ kompaniyalarining o‘nlab korxonalari kreditlar tufayli energiya tejamkor asbob-uskunalar bilan ta'minlandilar.
Qo‘shimcha moliyalashtirish mablag‘lari hisobiga olinganda esa, 2017-yil 1-yanvar holatiga, loyiha sanoat korxonalari energiya samaradorligi bo‘yicha 80 ta subloyihalarni amalga oshirmoqdalar. 2011-yildan boshlab, katta kreditlarni qabul qilib olgan sanoat korxonalarining umumiy soni 30 tadan oshdi. Mazkur subloyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan yiliga 518 million kVt/s elektr energiyasi hamda 202 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyati yuzaga keladi.
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtirish guruhi
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida
asosiy sanoat sohalarida energiya resurslarini tejash bo‘yicha umumiy ma'lumotlar (2017 yil 1 yanvar holatiga)