O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suvdan oqilona foydalanish – davr talabi
2017-04-12 | Iqtisodiyot
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida «Globallashuv sharoitida suv xo‘jaligini samarali boshqarish muammolari va istiqbollari» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro fondi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Shveytsariya elchixonasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, "O‘zdavsuvxo‘jaliknazorat" inspeksiyasi, O‘zbekiston auditorlar palatasi, O‘zbekiston katta to‘g‘onlar milliy qo‘mitasi va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda olimlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sh.Hamroyev, Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vitse-ministri N.Nisanbayev, Tojikiston energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari S.Rahimzoda, Turkmaniston qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari G.Bayjanov, Shveytsariya elchixonasi vakili Terri Umber, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi direktori A.Duxovniy va boshqalar globallashuv sharoitida suv xo‘jaligini samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish hamda atrof-muhit muhofazasini ta’min etuvchi iqtisodiy mexanizmlarni joriy etishning nazariy va amaliy jihatlari davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashini alohida ta’kidladi.
Suv resurslari dunyo mamlakatlari uchun nafaqat aholi, sanoat va sug‘oriladigan dehqonchilikni obi-hayot bilan ta’minlaydigan manba, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, qolaversa, butun mintaqaning ekologik muvozanatini saqlab turuvchi muhim omildir. Mamlakatimizda ham qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish bo‘yicha paxta, sholi kabi suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlar qisqartirilib, o‘rniga boshoqli don, sabzavot-poliz ekinlari va bog‘-uzumzorlar maydoni kengaytirilmoqda.
O‘z navbatida, suv xo‘jaligi inshootlarini ishlatish va zamonaviylashtirishga davlat byudjetidan ko‘p mablag‘ ajratilmoqda. Misol uchun, keyingi o‘n yilda suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga davlat kapital mablag‘lari hisobidan yiliga qariyb 500 milliard so‘m yo‘naltirilayotganligi va uning miqdori so‘nggi 10-yil davomida 5 barobarga ortganini alohida ta’kidlash lozim. Bundan tashqari, chet el investitsiyalarini jalb etishga e’tibor qaratilmoqda. Qator yirik moliya institutlari, xalqaro hamkor tashkilotlar va agentliklar kabi donorlarning investitsiyalari ishtirokida umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollarga teng bo‘lgan yirik loyihalar amalga oshirildi. Natijada foydalanilayotgan suvlarning umumiy miqdori o‘tgan asrning 80-yillariga nisbatan yiliga 64 milliard metr kubdan o‘rtacha 51 milliard metr kubgacha kamaydi.
– Mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ko‘p jihatdan tabiiy resurslarga, xususan, suv resurslariga bog‘liq. Agrar soha, qolaversa, iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘i bo‘lgan sanoat rivojlanishi ham suv resurslari bilan ta’minlanganlik va ulardan foydalanish holati bilan bevosita bog‘liqdir, – deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Markaziy Osiyoda suv resurslarini transchegaraviy boshqarish dasturi rahbari Karolina Milov. – Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida 2009-yildan buyon 20 dan ortiq loyihani amalga oshirdik. Turkmaniston bilan yangi loyihalar boshlash arafasidamiz. Mazkur loyihalar samarasida insonlarning yashash sharoiti yaxshilanishiga ko‘mak bermoqdamiz. Bu boradagi faoliyatimizni kelgusida yanada kengaytirish niyatidamiz.
– Tashkilotimiz Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari tashabbusi bilan 1992-yilda tashkil etilgan, – deydi Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi direktori V.Duxovniy. – O‘tgan yillarda biz mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida hamkorlik qilib keldik. Bizni kelajak ko‘proq tashvishga solmoqda. Butun dunyoda iqlimning isishi oqibatida Pomir va Tyanshan muzliklarining jadal erib borayotgani suv tanqisligini ortga surdi. 2020-yilga borib Amudaryo va Sirdaryo boshidagi tog‘ muzliklarining hajmi qisqarishi kutilmoqda. Bu aholining kundalik ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun qo‘shimcha resurslarni topishni talab etadi. Bu borada hammamiz birgalikda harakat qilishimiz shart.
Konferensiyada suv xo‘jaligidan samarali foydalanish, suv taqchil va transchegaraviy hududlarda zamonaviy boshqaruvni joriy etish, suv xo‘jaligi tizimi uchun zamonaviy menejerlarni tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlari, suv xo‘jaligi boshqaruvida iktisodiy samaradorlikni ta’minlashning yangicha yondashuv va tendensiyalari, yer resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ, sug‘orish tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va zamonaviy suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya ishtirokchilari Toshkent irrigatsiya va meloratsiya institutining o‘quv-laboratoriya bazasi, axborot-resurs markazi va yer-suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida ishlab chiqilgan suv tejamkor texnika va texnologiyalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.