O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O’zbekenergo” AJ tarkibidagi gidroelektr stansiyalar faoliyati haqida
2017-03-31 | Iqtisodiyot
“O’zbekenergo” AJning 1,4 mln. kVt quvvatga ega bo‘lgan gidroelektr stansiyalari kaskadlarga bo‘linib, suv oqimida ishlaydi. 2016 yilda gidroelektr stansiyalar tomonidan 5501,0 mln.kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-yanvardagi “Chorbog‘ GES gidrogeneratorlarini ishchi g‘ildiraklarini almashtirish bilan modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi 1692-sonli qarori asosidagi loyiha bo‘yicha 2013-2015 yillarda Chorbog‘ GES 1,2,3-gidroagregatlarida ishchi g‘ildirakni almashtirish bilan modernizatsiya ishlari bajarildi. Natijada Chorbog‘ GESning umumiy quvvati 30 MVt ga hamda asosiy uskunalarning mustahkamligi oshirildi.
2017 yilda gidroelektrstansiyalardagi 16 ta gidroagregatlarda kapital ta’mir ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda Xo‘jakent va Tovoqsoy GES laridagi ikkita gidroagregatda kapital ta’mir ishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, mazkur yilda Chorbog‘ GES ning 4-gidroagregatida modernizatsiya ishlari bajariladi. Bu jarayonda 4-gidroagregatning quvvatini 15 MVt ko‘tarish hamda asosiy uskunalarning mustahkamligini oshirilishi ko‘zda tutilgan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-noyabrdagi “2016-2020 yillarda gidroenergetikani rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi 331-sonli qaroriga asosan “O’zbekenergo”AJda bir qator investitsiya loyihalari doirasida ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Farhod GESni modernizatsiya qilish”, “Quyi-Bozsuv GESlar kaskadini modernizatsiya qilish (GES-14)”, “Qodiriya GESlar kaskadini modernizatsiya qilish (GES-3)”, “Toshkent GESlar kaskadini modernizatsiya qilish (GES-9)”, “Shahrixon GESlar kaskadini modernizatsiya qilish (GES JFK-2)” investitsiya loyihalaridir.
Modernizatsiya qilish jarayonida gidroagregatlarni turbina, generatorlari, elektrotexnik va gidromexanik uskunalarini almashtirish rejalashtirilgan. Buning natijasida uskunalarning mustahkamligi va foydalanish muddatini uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Manba: "O’zbekenergo" aktsiyadorlik jamiyati