O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion texnologiyalar – iqtisodiy o‘sishning muhim omili
2017-04-10 | Iqtisodiyot
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi hamkorligida “Real sektorda ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda innovatsion texnologiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Universitet rektori B.Hodiyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlar asosida tarkibiy va institutsional o‘zgarishlarni chuqurlashtirish hisobiga yalpi mahsulotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash vazifasi qo‘yilganligi va olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Ushbu ustuvor vazifani samarali hal qilish uchun mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va ularni yanada chuqurlashtirish yo‘llari hamda vositalarini baholash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda iqtisodiyotimizda yetakchi o‘rinni egallab kelayotgan neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yo‘l mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etmoqda.
Hozir jamiyatimizning qudratli tayanchiga aylanib borayotgan mulkdorlar sinfi jadal rivojlanib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetdi.
Konferensiyada Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishi hisoblangan mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va liberallashtirish bo‘yicha maqsadli vazifalar qo‘yilganligi qayd etildi. Hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Anjumanda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish yo‘nalishlari, kichik biznesning innovatsion texnoparklarini tashkil qilish, real sektor korxonalarida innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanishda lizing xizmatlarining o‘rni, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalashda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi mahsulot va texnologiya turlarini o‘zlashtirish asosida ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksportini rivojlantirish, mahsulotlar eksportini amalga oshirishda xalqaro sifat standartlarini joriy etish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.