O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament vakillari xalq bilan uchrashmoqda
2017-04-10 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, joylarda mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda, xalq bilan muloqot o‘tkazmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xalq bilan muloqot tizimini keng yo‘lga qo‘yish, aholi dardu tashvishiga sherik bo‘lish, ularni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish masalalariga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu boradagi ishlar yangi bosqichda davom ettirilmoqda.
Senator va deputatlar, shuningdek, biriktirilgan mas’ullar Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida bo‘lib, fuqarolar bilan muloqot o‘tkazmoqda.
– Deputatlarning xonadonimizga kelib samimiy suhbatlar o‘tkazayotgani, muammolarimizni tinglayotgani, bizni juda quvontirdi, – deydi Qamashi tumanidagi "To‘qboy" qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Sardor Rahmonov. – Qishlog‘imizdagi ko‘prik ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi. Toshkent – Termiz yo‘li ham qishloqdagi 41-umumta’lim maktabi yonidan o‘tadi. Lekin shu yo‘lning 2 kilometri bir tomonlama ta’mirlanib, ikkinchi qismi qolib ketgan. Bu yerdan maktab bolalari qatnaydi. Yo‘l belgilari, piyodalar yo‘lagi yo‘q. Shu bois keyingi paytlarda tez-tez yo‘l harakati bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar yuz bermoqda. Deputatlarimiz mazkur masalaga e’tibor qaratib, uning hal etilishiga ko‘maklashishga va’da berdi.
Qonun ijodkorlarining "To‘qboy", "Boybo‘ri", "Erdali" qishloq fuqarolar yig‘inlaridagi aholi bilan uchrashuvlarida maktabgacha ta’lim muassasalari, kutubxonalar tashkil etish, maktablarni ta’mirlash, sport zali qurish, qishloqlarda avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq kamchiliklar, elektr simyog‘ochi hamda transformatorlarni almashtirish kabi masalalar o‘rganildi, tegishli mutasaddilar bilan mazkur muammolarni bartaraf etish choralari kelishib olindi.
– Muloqotlar jarayonida deputat va senatorlar aholini tashvishlantirayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda mutasaddi tashkilotlarga amaliy ko‘mak bermoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘tkir Bo‘tayev. – Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Qamashi tumanida tashkil etilgan uchrashuvlarda parlament vakillari tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, qishloq odamlarining turmush tarzi, dardu tashvishlari bilan tanishmoqda. Muloqotlarga hududdagi muammolar yechimi yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham jalb etilmoqda. Ana shunday muloqotlar chog‘ida Rayhon Tufliyev 1992-yilda tug‘ilgan o‘g‘li Abror Berdiyorovning oyog‘i sinib, bir necha yildan buyon davolatishga qiynalayotgani haqida murojaat qildi. Tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari bilan nega shu paytgacha bemorga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmaganini o‘rgandik va uni tezda davolash choralari ko‘rildi.
Ochiq muloqotlarda mahalla faollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, fermerlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari faol ishtirok etmoqda. O‘z faoliyatini kengaytirish, kredit olish, yer ajratish va boshqa masalalar yuzasidan murojaat qilgan tadbirkor va fermerlar tegishli tashkilot rahbarlaridan o‘zlariga zarur ma’lumotlar olmoqda.
Parlament a’zolarining aholi bilan muloqotlari davom etmoqda.