O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Keksalarni e’zozlash – barchamizning farzandlik burchimizdir

2015-02-27 | Jamiyat

Mamlakatimizda 2015-yil Keksalarni e'zozlash yili, deb e'lon qilinishi munosabati bilan Davlat dasturi qabul qilindi

Keksalarni hurmat qilish, ularga e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatish jamiyatimizning o'ziga xos yuksak ma'naviy va madaniy belgisidir. O'zbek xalqiga azaldan xos bo'lgan bunday yuksak fazilatlar istiqlolimizning dastlabki yillaridan mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiyotni isloh etish va yangilash bo'yicha besh tamoyilga asoslangan taraqqiyotning "o'zbek modeli" mamlakatimiz istiqbolini tubdan o'zgartirish yo'nalishlarini belgilab berdi. Aholini ijtimoiy himoya qilish bo'yicha mustahkam huquqiy bazaga asoslangan ishonchli tizimni shakllantirish esa ushbu modelning asosiy yo'nalishlaridan biridir. Zero, inson, uning hayoti va orzu-umidlari davlatimizning doimiy diqqat e'tiborida bo'lib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2007-yil 19-martda qabul qilingan "Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni va 2011-yil 30-maydagi "2011-2015-yillarda yolg'iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarda aholini ijtimoiy himoya qilish bo'yicha aniq yo'nalish hamda vazifalar belgilab berilgan. Mazkur hujjatlar pensiya yoshidagi fuqarolar, Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining farovonligini ta'minlash, hayot darajasi va sifatini oshirishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy sohaning izchil takomillashtirib borilayotgani O'zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotganidan yorqin dalolat beradi. Iqtisodiyotimizning jadal va barqaror rivojlantirilayotgani aholi turmush darajasi va sifatini muttasil oshirishga asos bo'lib xizmat qilmoqda. Buning samarasida o'tgan yili mamlakatimizda yoshi ulug' insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan 11 trillion 618 milliard so'm pensiya, 105 milliard so'mdan ziyod nafaqa puli ajratildi. Har yili urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilganlarga bepul tibbiy xizmat ko'rsatilmoqda, ular sanatoriy-kurortlarda davolanmoqda, boshqa zarur vositalar bilan ta'minlanmoqda.

Ta'kidlash joizki, nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy tuzilmalar ham keksa avlod vakillariga moddiy hamda ma'naviy yordam ko'rsatmoqda va bu boradagi ishlar ko'lami muntazam kengayib borayotir. Masalan, o'tgan yili keksa yoshdagi fuqarolar hayotini yanada yaxshilash bo'yicha amalga oshirilgan ishlarda O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, "O'zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni, "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasi, «Nuroniy», «Mahalla» jamg'armalari, «Kamolot» YoIH va boshqa tashkilotlar faol ishtirok etdi. Urush va mehnat faxriylari ushbu tashkilotlar ko'magida Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkent va mamlakatimizning boshqa shaharlarida sayohatda bo'ldi, ambulatoriya va statsionar davolash muassasalarida davolandi, sanatoriylarda salomatligini tikladi.

Mamlakatimizda yoshi ulug' insonlarning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Zero, ular yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, Vatanimizning iqtisodiy salohiyati yuksalishiga katta hissa qo'shgan.

Joriy yilda ham ijtimoiy sohani rivojlantirish, yolg'iz keksalar, pensioner va nogironlarni, kam ta'minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlar ko'lami yanada kengaymoqda. Prezidentimizning 2014-yil 13-oktabrdagi "1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni va 2015-yilning mamlakatimizda Keksalarni e'zozlash yili, deb e'lon qilinishi ushbu yo'nalishda yangi tashabbuslarni boshlab berdi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 18-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan "Keksalarni e'zozlash yili" Davlat dasturida joriy yilda amalga oshiriladigan xayrli ishlar belgilab berilgan. Mazkur dastur keksalarning hayotini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash ko'lamini kengaytirish, yoshi ulug' insonlar, ayniqsa, 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta'minoti va tibbiy xizmat ko'rsatishni takomillashtirish, oila va jamiyatda, yoshlarni xalqimizning ko'p asrlik qadriyat va an'analari ruhida tarbiyalashda keksalarning o'rnini mustahkamlashga qaratilgan.

Olti bo'limdan iborat ushbu dasturda keksalarga g'amxo'rlik ko'rsatish va e'tiborni kuchaytirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish ko'zda tutilgan. Bu borada ishlab chiqilayotgan hujjatlarga muvofiq, pensiya ta'minoti va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulug' insonlarga davlat xizmatlari, jumladan, turli ma'lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari ko'rsatishning eng qulay tizimini shakllantirish rejalashtirilgan.

Keksalar, avvalambor, 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo'llab-quvvatlash kuchaytiriladi, yoshi ulug' insonlar, birinchi navbatda, yolg'iz qariyalar va nogironlarga ko'rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro'yxati kengaytiriladi. Ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta'minlash uchun mahallalar, "Nuroniy" jamg'armasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash ko'lami kengaytiriladi.

Misol uchun, bu yil 1941-1945-yillardagi urush qatnashchilarining har biri mamlakatimizda ishlab chiqarilgan televizor va mobil telefonlar bilan bepul ta'minlanadi, ularga mahalliy va shaharlararo chiqish qo'ng'iroqlari uchun har oy abonent to'lovi olinmasdan 60 daqiqalik bepul limit beriladi. Urush va mehnat fronti faxriylari mamlakatimizdagi sanatoriy-sog'lomlashtirish muassasalariga borish uchun yiliga bir marta temir yo'l transportida bepul yurish huquqidan, shuningdek, havo transportida 50 foiz miqdoridagi chegirmadan (borish-kelish) foydalanishi mumkin.

Davlat dasturida faxriylar va yoshi ulug' insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko'rsatish darajasi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sog'lomlashtirishni tashkil etish, profilaktika tadbirlarini ko'paytirish, davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan foydalanishni kengaytirish, keksalar va nogironlarni yordamchi hamda texnik reabilitatsiya vositalari bilan, jumladan, imtiyozli asosda ta'minlash, keksalarga xizmat ko'rsatishga ixtisoslashtirilgan sanatoriy-sog'lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko'rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilgan.

Jumladan, joriy yilda 1941-1945-yillardagi urush va mehnat faxriylarini O'zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamda respublika davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog'lomlashtirish muassasalarida bepul sog'lomlashtirish tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, bu yil yoshi ulug' insonlar kinoteatr, teatr, muzey, konsert tomoshalari va boshqa madaniy-ma'rifiy tadbirlarga bepul borish imkoniyatiga ega bo'ladi. 100 va undan katta yoshdagi kishilarni ulug'lash uchun «Asr bilan yuzma-yuz» aksiyasi va boshqa shu kabi tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini yangi bosqichga ko'tarishga doir ishlar samaradorligi oshiriladi, ular uchun tuman va mahallalarda qiziqishi bo'yicha klublar tashkil etish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishlari uchun sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratiladi. Shunisi diqqatga sazovorki, barcha mahallalarda otaxonlar choyxonalari tashkil etiladi va ularda zarur sharoitlar yaratiladi. Odatda choyxonada mahalla ahli bir piyola choy ustida suhbatlashish, so'nggi yangiliklardan xabardor bo'lish, shaxmat-shashka o'ynash uchun to'planadi. Endi bu yerda ular birgalikda televizor orqali maxsus ko'rsatuvlar, spektakl va filmlar tomosha qilishi mumkin. Joriy yilda keksalar uchun mo'ljallangan bunday tomoshalar tayyorlash yanada ko'payadi.

Mahallalar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tashkiliy tuzilmasida keksalar va nogironlarga doimiy e'tibor qaratadigan sektor mustahkamlanadi, bunda ularga xizmat ko'rsatadigan idoralar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy va tibbiy xizmat ko'rsatuvchi idoralar faoliyati muvofiqlashtirib boriladi.

Yolg'iz va ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar uchun «Keksalar duosini olaylik» aksiyasini o'tkazish va tadbir doirasida ularni zarur mebel va uy jihozlari, kiyim-kechak, badiiy adabiyot, stol o'yinlari to'plamlari bilan ta'minlash rejalashtirilgan.

"Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin" shiori ostida tadbirlar o'tkazish mo'ljallangan. Bu tadbirlar doirasida har bir viloyatdan keksa avlod vakillarini mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirish uchun sayohat uyushtirish, "Eng yaxshi mahalla guzari", "Keksalar – oila tayanchi" hududiy ko'rik-tanlovlari o'tkaziladi.

"Keksalarni e'zozlash yili" Davlat dasturida belgilangan ushbu xayrli ishlarni amalga oshirish uchun 2 trillion 246,5 milliard so'm va 229,6 million dollar ajratish ko'zda tutilgan.

Bugungi dorilomon kunlarda umrguzaronlik qilayotgan faxriylarni hurmat qilish, e'zozlash, ularga e'tibor qaratish barchamizning farzandlik burchimizdir. Prezidentimiz Islom Karimovning "O'zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to'g'risida"gi farmoni ham keksalarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning yana bir yorqin tasdig'i bo'ldi. Ushbu farmon fashizm ustidan qozonilgan G'alabaga bebaho hissa qo'shgan yurtdoshlarimiz – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib hurmat-ehtirom bilan sharaflash maqsadida qabul qilindi.

Inson jasoratini esga olish va uni qadrlash bebaho ma'naviy boylik, hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydigan qadriyatlarimizdan biridir. Davlatning kuch-qudrati nafaqat uning armiyasi bilan, balki mamlakatda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, fuqarolarning ahilligi, hamjihatligi, vatanparvarligi, yoshi ulug' insonlarga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rligida ham namoyon bo'ladi. Zero, bu muqaddas zamin – O'zbekistonda inson azizdir.

Mamlakatimizda keksalarni har tomonlama rag'batlantirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ular uchun nafaqat moddiy, ayni paytda katta ma'naviy-ruhiy madaddir. Yurtimizda bunday hurmat, e'tibor va g'amxo'rlik uchun chuqur minnatdorlik tuyg'usi fuqarolarimizning tinch va osuda hayoti, ertangi kunga bo'lgan mustahkam ishonchida, yosh avlodni Vatanga, mustaqillikning buyuk g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda o'z ifodasini topmoqda.

Поделиться