O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Samarali muloqotlar, foydali kelishuvlar

2017-04-06 | Iqtisodiyot

«O‘zekspomarkaz»da sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari hamda Ta’lim va ilm-fan, yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari majmualarining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-martdagi «2017-yilda xalqaro sanoat yarmarka va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori tarmoqlararo aloqalarni rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturlarida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Mamlakatimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan tarmoqlararo sanoat yarmarkalari xomashyo, butlovchi qismlar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berish, korxona, tashkilot, muassasalar va tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. 

Tarmoqlararo sanoat yarmarkasida Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi va ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar, yengil sanoat mahsulotlari, mebellar, sport anjomlari, maishiy texnika vositalari ishlab chiqaruvchi besh yuz o‘ttizdan ortiq korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti ishtirok etmoqda. 

«O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni stendida mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar keng namoyish etilmoqda. 

Bugungi kunda mamlakatimizda bir yuz ellikka yaqin farmatsevtika korxonasida ikki ming turdan ortiq dori-darmon ishlab chiqarilmoqda. Ushbu samarali shifo vositalaridan mamlakatimiz tibbiyotida keng foydalanish barobarida ular dunyoning 20 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. 

Farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarish jarayoni yildan-yilga takomillashayotir. 2016-2020-yillarda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, yangi farmatsevtika korxonalarini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga doir 67 investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu aholi va tibbiyot muassasalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni 2,5 barobar oshirish imkonini beradi. 

– Korxonamiz 2014-yilda tashkil etilgan, – deydi poytaxtimizdagi «Turon silk farm» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shohsanam Jumayeva. – Bugungi kunda mahalliy xomashyodan jarrohlik sohasida ishlatiladigan yuz xilga yaqin iplar ishlab chiqaryapmiz. Operatsiya va jarohatlarda qon to‘xtatishda yuqori samaradorlikka ega kollagenli vosita mutaxassislarga manzur bo‘lmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti olimlarining ixtirosi bo‘lgan ushbu tabiiy mahsulot chet eldagi analoglaridan bir necha barobar arzon, sifati xalqaro andozalarga to‘la mos keladi. Ushbu sanoat yarmarkasi ana shunday yangi va samarali tibbiy mahsulotlarimizni mutaxassislar va xaridorlarga keng namoyish etish, hamkorlar izlab topishda katta imkoniyat yaratmoqda. 

Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga erishishda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida faoliyat yuritayotgan «Eko-energiya» markazi bu borada qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Mazkur korxona tomonidan 2016-yilda olis hududlarda joylashgan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy muassasalarga to‘rt yuzga yaqin quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatib berildi. Korxona tomonidan qishloq xo‘jaligi, sanoat va maishiy chiqindilardan biogaz va bioorganik o‘g‘it olish uchun ekologik sof texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur yarmarkada ana shu jarayonda qo‘llanilayotgan quyosh fotoelektr stansiyalari, suv isitish kollektorlari, shamol generatorlari, biogaz qurilmalari keng namoyish etilayotir. 

Yarmarka maydoni juda keng, mahsulotlarning turi ham xilma-xil. Ular orasidan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat mahsulotlari, charm-poyafzal, sanitariya-gigiyena vositalari, maishiy texnikalar, sport anjomlaridan tortib axborot texnologiyalari mahsulotlarining ham keng assortimentlarini topish mumkin. 

Maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot, sport muassasalari va uy-joylar uchun jihozlarning minglab turlari namoyish etilayotgan stendlardan har bir inson o‘z didi, ish va yashash joyiga mos mebelni tanlab sotib olishi uchun qulay sharoit yaratilgan. 

– O‘tgan yilgi sanoat yarmarkasida poytaxtimizdagi «Davr mebel» korxonasi bilan bolalar mebeli sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan edik, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 541-maktabgacha tarbiya muassasasi mudiri Muhabbat Mahkamova. – Korxona o‘z vaqtida jihozlarni muassasamizga yetkazib berdi. Ularning sifati yaxshi, har tomonlama qulay. Bu yil ham ushbu korxona bilan parta, stol, stul va boshqa zarur anjomlarni xarid qilish bo‘yicha 19 million so‘mlik shartnoma imzoladik. 

Andijon viloyatidagi «Miniteks» kichik korxonasining stendiga terib qo‘yilgan sport anjomlari, ayniqsa, futbol, voleybol, basketbol, gandbol to‘plari katta-yu kichikni o‘ziga jalb etmoqda. Korxona direktori Ashurali Ahmedovning aytishicha, 2003-yilda ochilgan korxonada bugungi kunga kelib ellik xildan ko‘proq mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Xalqaro sifat standartlari joriy etilgan korxona mahsulotlariga talab katta. 

Mamlakatimizda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi yaratilgan imkoniyatlar har bir insonning ishbilarmonlik salohiyatini yuzaga chiqarish, ayniqsa, ayollarning ishlab chiqarishdagi ishtirokini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Yashnobod tumanidagi «Tuzelteks» korxonasi rahbari Asal Xudoyorova 2012-yilda oilaviy korxona tashkil etib, o‘z faoliyatini yildan-yilga kengaytirmoqda. Tikuvchilik borasidagi tajribasini mahalla ayollariga o‘rgatmoqda. Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan o‘ttiz xildan ko‘proq mahsulotning xaridorlari bor. Ular tibbiyot, ta’lim, neft-gaz va boshqa sanoat korxonalaridir. O‘tgan yili oilaviy tadbirkor ushbu hamkorlariga qariyb uch yuz million so‘mlik mahsulot yetkazib berdi. Bu yilgi sanoat yarmarkasida ham hamkor tashkilotlar tomonidan shartnomalar imzolash bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirildi. 

Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida qator korxonalarning taqdimotlarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. 

 
Bahor Xidirova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA 

Поделиться