O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bahor keldi seni so‘roqlab
2015-02-27 | Jamiyat
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda "Bahor keldi seni so'roqlab" deya nomlangan adabiy-badiiy tadbir bo'lib o'tdi.
Davlatimiz rahbarining "O'zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100-yilligini nishonlash to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, talaba-yoshlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari taklif etildi.
Tadbirda institut rektori B.Sayfullayev, Toshkent shahar hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi F.Abdurahimova, O'zbekiston xalq shoiri A.Oripov, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi N.Karimov, shoira G.Jo'rayeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlar faoliyatini rag'batlantirish, ularni qo'llab-quvvatlash, o'zbek mumtoz adabiyoti, xalq ma'naviyatini yuksaltirishga munosib hissa qo'shgan yozuvchi va shoirlar xotirasini abadiylashtirishga alohida e'tibor qaratilayotganligini ta'kidladi.
Bu jihatlar serqirra ijodi, namunali hayoti, ijtimoiy faolligi bilan o'zbek xotin-qizlariga ibrat namunasi bo'lgan el sevgan shoira ijodiga e'tiborda ham yorqin namoyon bo'lmoqda. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta'sis etilgani, har yili yurtimizning o'nlab eng iqtidorli qizlari ushbu mukofotga sazovor bo'lishi ardoqli shoiraga yuksak ehtirom ifodasidir.
Istiqlol yillarida shoiraning ijod mahsullarini to'plam holida qayta nashr etish, hayoti va ijodiga oid tadqiqotlar olib borish, xotira asarlarni yozish va ularning mazmun-mohiyatini kitobxonlar, xususan, yoshlarga yetkazish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shoira asarlari ona Vatanga muhabbat, istiqlol g'oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak ma'naviyatli avlodni voyaga yetkazish, vafo, hurlik, tinchlik, do'stlik va kelajakka ishonch g'oyalariga yo'g'rilgan. Uning milliylikka uyg'un she'rlari va dostonlari ko'plab tillarga tarjima qilingani dunyo adabiyot ixlosmandlariga o'zbek she'riyati, milliy an'analari va yorqin siymolari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.
Tadbirda shoiraning ijodidan namunalar o'qildi, kuy-qo'shiqlar ijro etildi.