O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davra.uz
2016-06-01
Davra.uz Milliy ijtimoiy tarmog‘ining ishga tushirilganligi munosabati bilan matbuot-anjumani
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarning platformasini global tarmoqdagi eng ommabop va ko‘p talab qilinadiganlardan biri deb hisoblash mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat maktab o‘quvchilari va uy bekalari, balki sport va shou-biznes olamidagi yulduzlar, tadbirkorlar va hattoki davlat hamda boshqaruv organlari vakillari ham o‘z akkauntlariga ega. O‘z navbatida, shu turdagi resurslar soni kun sayin ortib bormoqda. Ba’zi foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoq do‘stlar bilan muloqot qilish yo‘li bo‘lsa, boshqalar foyda ko‘rish va qayta aloqa sifatida foydalanadilar. Ammo barcha uchun ijtimoiy tarmoqlar axborot olishning eng yaxshi manbaasi sifatida ifodalanadi.
O‘zbekiston aholisi o‘rtasida yangi tanishlarni ortirrish va tizimdan chiqmagan holda axborot olish imkoniyatini beruvchi ijtimoiy loyihalar eng ommabop hisoblanadi. “Odnoklassniki”, “Moy Mir”, “VKontakte” va Facebook ijtimoiy tarmoqlari internet tarmog‘idagi 25 ta eng yirik ijtimoiy tarmoqlari orasida yetakchi hisoblanadi.
.UZ domeni hududidagi ijtimoiy tarmoqlarga keladigan bo‘lsak, WWW.UZ katalogi statistikasiga ko‘ra, Uznetda 38 ta ijtimoiy tarmoq ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning aksariyat qismi faoliyat yuritmaydi. Faoliyat yuritadiganlari esa, faol emas va ularda foydali hamda qiziqarli ma’lumotlar mavjud emas (OAV, tashkilotlar, mavzuli guruhlar sahifalari va boshqalar).
Yuqoridagilarni inobatga olib, Uznetda mamlakatimiz aholisi madaniyati va ehtiyojlariga moslashtirilgan o‘zimizning milliy ijtimoiy tarmoqni yaratishga kuchli ehtiyoj sezildi. Ushbu vazifani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi yordamida UZINFOCOM Markazi tomonidan Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i yaratildi. Mazkur ijtimoiy tarmoqning asosiy afzalliklari bu uning Tas-IX tarmog‘ida ekanligi va ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda mentalitetimizga muvofiqligi jihatidan nazorat qilish imkoniyati mavjudligidadir.
Bugun 2016 yilning 1 iyunida Davra.uz Milliy ijtimoiy tarmog‘ining ishga tushirilganligiga bag‘ishlangan matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi.
.UZ doirasida ijtimoiy tarmoqning yaratilishi alohida o‘rin egallash bilan birga bu juda ommabop hamdir, dedi Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va jlriy etish vazirligi axborot resurslarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Tolibjon Mirzaqulov. Shuningdek, Uzinfocom Markazi direktor o‘rinbosari Nozimjon Dalibayev Zakirjonovich o‘z nutqi bilan ishtirok etdi. Davra.uz ijtimoiy tarmog‘ining alohida tomonlari va funksionallari to‘g‘risida batafsil ZiyoNET RM guruhi boshlig‘i Baxtiyor Nosirov gapirib berdi.
Ijtimoiy tarmoqning ishga tushishi tadbirga yig‘ilgan OAV xodimlarida katta qiziqish uyg‘otdi —ular tomonidan mazkur saytning kelgusidagi rejalari, funksionali hamda servisning ommabopligi haqida ko‘plab savollar berilib, ularga Uzinfocom Markazi direktori G‘ayratxo‘ja Gafarxo‘jayevich Saydaliyevning o‘zi javob berdi.
Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i yordamida foydalanuvchilar o‘z sinfdosh va kursdoshlari (ta’lim olgan joyini ko‘rsatgan holda), hamkasblari (ish joyini ko‘rsatgan holda)ni topishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, qiziqishlar bo‘yicha ochiq va yopiq turdagi guruhlarni yaratish imkoniyati mavjud. Shuningdek, sahifalar yaratish yoki ushbu tizimni biznesni rivojlantirish sifatida ham qo‘llash mumkin.
Ijtimoiy tarmoqning standart servislaridan matn, rasm va videolarni joylashtirish, layklash, izohlash va messenjerda muloqot qilish mumkin. Shu bilan birga, tadbirlar yaratib, unga tanishlarni taklif qilish mumkin.
Hozirgi paytda Davra.uz ijtimoiy tarmog‘ida 2200 dan ortiq foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, qiziqishlar bo‘yicha 50 ta sahifa va 60 ta guruhlar yaratilgan.
Davra.uz ijtimoiy tarmog‘ida ID.UZ orqali avtorizatsiyadan o‘tish mumkin. Mobil qurilmalar orqali ham foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, interfeys o‘zbek va rus tillarida.