2022-08-30
Bugun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-avgustdagi PQ-340-son qaroriga muvofiq, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hurmatli mehmonlarimiz – Respublika Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhiddinova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova hamda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ishtirok etdilar.
Tadbirni Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi v.v.b. – Obiddin Mahmudov kirish so‘zi bilan boshlab berdi. Notiq o‘z nutqida Prezidentimiz rahnamoligida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz ” bosh g‘oyasi asosida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirar ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilganligini, bu borada iqtisodiy islohotlarning Vatan ravnaqi yo‘lidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng professor Feruza Muhiddinova so‘zga chiqib, avval O‘zbekistonning mustaqillikka erishishda bosib o‘tilgan yo‘li, buyuk tariximiz haqida to‘xtaldi. Istiqlolga erishganimizdan keyingi dastlabki yillarda “Oʻzbekiston – kelajagi buyuk davlat” ekanligi, u amalda milliy gʻoya vazifasini oʻtayotgani va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol oʻynashini aytdi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari borayotgan Yangi O‘zbekistonda uchinchi renessans – mustaqilligimizning ochiq eshiklari davri boshlanganini alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilariga Yangi O‘zbekistonning yangi tarixi yoritilgan videorolik namoyish etildi.
Shoira Zulfiya Mo‘minova “Bolaga kitob bering” she’ri bilan tadbirni davom ettirib, Yangi O‘zbekistonning mustaqillikka erishganidan keyingi iqtisodiyotida erishgan yutuqlari, davlatimiz rahbarining tashabbuskorligi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekiston – inson huquq va erkinliklari qadrlanadigan yurt ekanligi, mamlakatimiz jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlikka jadal kirishayotgani pirovard maqsad esa xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iboratligini ta’kidlab o‘tidi.
Teatr va kino aktrisasi Gavhar Zokirova o‘z chiqishlarini Zulfiya Mo‘minovaning she’ri bilan davom ettirar ekan, Mustaqillik, avvalo, Vatan tinchligidan boshlanishi, Vatan esa kichik oila ekanligini bildirdi. Uning Vatan mehri tarannum etilgan she’rlari tadbir ishtirokchilariga g‘oyat manzur bo‘ldi.
Tadbir yakunida tashrif buyurgan mehmonlar va qatnashchilar o‘rtasida qiziqarli savol-javob o‘tkazildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi