O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz
2022-08-23
Asriy orzularning yorqin tantanasi
Hamma biladi dunyoda 205 tadan ziyod davlat bor. Har birida o‘nlab elu elatlar yashaydi. Urf-odat va an’analari turfa. Har birining o‘z milliy o‘yin va ko‘ngilochar musobaqa turlari mavjud. Ammo sanoqli xalqlargagina milliy qadriyati bo‘lgan xalq o‘yini va musobaqasini xalqaro sport turi darajasiga ko‘tarish nasib etgan.
Agarki, inglizlar qaysidir yot hukmron kuchlarning yo davlatning mustamlakasi bo‘lganda bugun dunyodagi eng jozibali o‘yin futbol yoki qiziqarli sport turi bo‘lgan boks shu darajada jahonni qamrab ola bilarmidi?
Kichik orolda katta davlat tuza olgan samuraylar avlodi yaponlarning aql-zakovati, kuchli irodasi bo‘lmaganda dzyudo va karateni bu qadar jahon bo‘ylab ommalashtira olarmidi?
Albatta, har bir yangilikning keng quloch yoyishi so‘zsiz jamiyatdagi uzgarishlaru va bu evrilishlarni amalga oshirishga azmu qaror qilgan, umrini baxshida eta oladigan buyuk shaxslar, intellektual salohiyatga ega kuchlarni birlashtira bilgan g‘oyaga bog‘liq.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari tamoyillarining joriy etilishi ham ayni tarixiy zaruratning yuzaga kelganligini idrok eta bilish, his qila olish yo‘lida jonfidolik qilayotgan, yaratuvchanlik ishqi bilan jushayotgan xalq qalbining xohish-irodasidir.
Bugun iftixor bilan aytayotganimiz Mustaqil O‘zbekiston madhiyasi jahon maydonlarida baralla yangrarmidi? Hur bayrog‘imiz Olimpiada va jahon chempionatlarida olov qalb sportchilarimiz g‘alabasi sharafiga sarbaland bo‘larmidi?
Darvoqe, sportdagi harakatlar. O‘zbekiston Mustaqilligining 31 yillik shodiyonalariga tobora yaqinlashganimiz sari 31 yil avvalgi jismoniy tarbiya va sportdagi holatimiz va bugungi darajamiz ko‘z oldimizga kelaveradi.
O‘zbekiston Mustaqilligining ilk yillarida birgina O‘zbek kurashini xalqaro maydonga olib chiqish, uning qamrovini kengaytirish masalasiga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilgan, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, keyinchalik uning safiga belbog‘li kurash, turon, o‘zbek jang san’ati, uloq-ko‘pkari kabi o‘yinlar qo‘shildi. Hozirda qator olimlar, mutaxassislar yana bir nechta xalq o‘yinlarining sport terminologiyasini ishlab chiqish borasida izlanishlar olib bormoqdaki, bu ham xalqimizning ma’naviy merosi naqadar boyligidan dalolat.
Prezidentimiz joriy yil yanvar oyining so‘nggi kunlarida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga, ya’ni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umumbashariy g‘oyalarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz. Ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir”, deya ta’kidlagandilar.
Haqiqatan shunday. Bugun xalqimiz ma’naviyatining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan xalq o‘yinlari, uning sarchashmalaridan yaralgan milliy sport turlarimiz, ularning xalqaro maydondagi rivojiga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganligi, qo‘llab-quvvatlanayotganligi shundan.
Birgina kurash sport turining rivoji borasida 1991 yillardan harakatlar boshlangan bo‘lsa, 2018 yilga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining alohida e’tibori tufayli o‘zbek sporti – kurash Osiyo o‘yinlari maqomiga rasman ko‘tarildi.
O‘tgan 3-4 yil oralig‘ida birgina kurash sport turini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirish borasida hukumat miqyosida bir qator tarixiy qarorlar qabul qilindi, dasturlar, rejalar, “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Mazkur tarixiy hujjatlar tufayli kurashni yanada rivojlantirishning mustahkam iqtisodiy va ma’naviy poydevori yaratildi.
Nega bunday fikr yurityapmiz? Ochig‘i, kurashni rivojlantirish ishlari bundan 20 yillar muqaddam boshlangan bo‘lsa-da, ushbu sport turining mamlakatdagi vakolatli tashkiloti – O‘zbekiston kurash federatsiyasining na mablag‘i, na muqim maskani bor edi. Nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatar, bu joyda mehnat qilgan xodimlar oylab, ba’zan yillab maoshsiz qolib ketar, bu esa kadrlar qo‘nimsizligiga, milliy sport turi rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Bugun-chi?
Bugun O‘zbekiston kurash federatsiyasi o‘z boshqaruv organiga, viloyat, tuman bo‘limlaridan iborat, moddiy va ma’naviy ta’minotga ega kuchli sport federatsiyalardan biriga aylandiki, bu milliy sportimizni nafaqat yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilishiga balki, yurtimizda “Polvonlari ko‘p yurt – qudratli bo‘lur”, “Kurash milliy g‘ururimiz” tamoyillari asosida tizimli tarzda joylarda kurash klublari va to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga ham zamin yaratdi. Shu sababli hududlardagi o‘nlab yosh trenerlar ishli bo‘ldi, ming-minglab o‘smir yoshlar sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan rejaga asosan yurtimizning barcha go‘shalarida “Prokuror kubogi”, “Hokim kubogi”, “Mahallamiz polvonlari” kabi musobaqalar, chempionatlar tashkil etilishi asnosida xorijiy mamlakatlarda kurash bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun” xalqaro turnirlar o‘tkazila boshlandi.
Joriy yil davomida Germaniya, Bolgariya, Turkiya, Fransiya kabi davlatlarda o‘tgan kurash musobaqalari orqali milliy san’atimiz, xalq amaliy san’ati, hunarmandchilik durdonalari, milliy taomlarimiz keng jamoatchilikka armug‘on etildi. Ming-minglab xorijliklar o‘zbekona lutfdan, mehmondo‘stlikdan bahra oldi. Jonajon vatanimizga chet mamlakatlarda qiziqish, hurmat oshdi.
Ayni holatlarning o‘zi Mustaqilligimizning, asriy orzularimizning yorqin tantanasi bo‘ldi. Bu, yurtimizda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasining hayotbaxsh ekanligining yana bir ifodasidir.
Yuqorida aytganimiz, inglizlar mustaqil bo‘lgani, yaponlar qat’iyat ko‘rsatgani tufayli o‘z qadriyatlarini umumbashar mulkiga aylantira oldi.
Bugun biz, o‘zbekistonliklar ham kurashni sport turi sifatida jahonning eng ommaviy jismoniy mashg‘ulotlaridan biri bo‘lishi uchun katta yo‘lga chiqqanlardanmiz. Bu yo‘l, uning dovonlari naqadar mashaqqatli ekanligi hech kimga sir emas. Ammo manzil nurli va viqorli. Eng muhimi, uning poydevori Yangi O‘zbekiston tamoyili asosida mustahkamlanmoqdaki, bu yangi g‘alabalarni, yangi yuksalishlarni boshlab kelishi, shubhasiz.
Zotan, davlatimiz rahbari e’tirof etganlaridek, “...poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli bo‘ladi. Faqatgina mana shunday zaminga tayangan holda biz yurtimizda Uchinchi Renessans asoslarini barpo eta olamiz”.
Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turi sifatida Olimpiya o‘yinlari tizimidan joy olishi yo‘lida qilinayotgan ishlar, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ommaviy sport turi maqomiga ega bo‘lishi uchun amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar Uchinchi Renessans asoslari yaratilayotganligidan emasmi?
To‘lqin RO‘ZIEV
Manba: O'zA