2022-02-23
Mart oyining soʻnggi yakshanbasida Toshkentda SHHT xalqaro yarimmarafoni tashkil etiladi.
Maʼlumki, 2021-2022-yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga Oʻzbekiston Respublikasi raislik qilmoqda. Oʻzbekistonning raisligi doirasida 80dan ortiq turli darajadagi tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Shunday tadbirlardan biri 2022-yil 27-mart kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan SHHT xalqaro yarimmarafonidir. Mazkur tadbir doirasida “Navroʻz” umumxalq bayramiga bagʻishlangan IV xalqaro Toshkent yarim marafoni ham tashkil etiladi.
2016-yildan boshlab har yili tashkilotga aʼzo davlatlar sportchilari ishtirokida oʻtkazib kelinayotgan mazkur sport tadbiri jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish barobarida sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishiga imkon yaratish, olimpiya, paralimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlarning sport federatsiyalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
SHHT yarim marafonida minglab insonlar, jumladan, turli mamlakatlar va qitʼalardan kelgan professional sportchilar, havaskor yuguruvchilar hamda sogʻlom turmush tarzi tarafdorlari SHHT bayrogʻi ostida birlashadi.
Poytaxtimiz Toshkentda oʻtkazilishi kutilayotgan yarim marafon dasturi ikki masofani oʻz ichiga olgan boʻlib, ishtirokchilar – 3 km hamda marafon musofasining teng yarmi, yaʼni 21 km 97,5 metr masofaga yugurib, oʻz kuchlarini sinovdan oʻtkazishadi.
Yarim marafon marshruti poytaxtimizdagi Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari chorrahasidan boshlanib Nukus, Abdulla Qodiriy, Abay koʻchalari orqali davom etishi belgilab qoʻyilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi