O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tanlov
2021-12-14
Vengriya Qishloq xo'jaligi va tabiiy fanlar universitetiga qisqa muddatli stajirovkalarga tanlov e'lon qilinadi
Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021 yil 29 noyabr` – 2 dekabr` kunlari Vengriya Respublikasiga amalga oshirilgan delegatsiya tashrifi davomida erishilgan kelishuv natijalariga muvofiq 25 nafar yosh olimlarni Vengriya Qishloq xo'jaligi va tabiiy fanlar universitetiga 1 oylik qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan maqsadli tanlov e'lon qiladi.
Shu munosabat bilan, 2022 yilning 1 fevral` sanasiga qadar ilmiy stajirovka o'tashga tavsiya qilinuvchi nomzodlar to'g'risidagi ma'lumot (hujjat)larni 1- va 2-ilovalarga muvofiq taqdim etishingiz so'raladi.
Nomzodlar to'g'risidagi ma'lumot (hujjat)lar oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari (buyurtmachilar) tomonidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Yosh olimlarni etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi to'g'risida”gi Nizom (keyingi o'rinlarda - Nizom) talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan holda Vazirlikning info@mininnovation.uz elektron manziliga yuboriladi.
Shuningdek, Nizomning 5-bandiga asosan stajirovka o'tashga tavsiya etilayotgan nomzodlarni mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat o'tkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo'yicha bilim darajasi va ko'nikmalarini aniqlash yuzasidan dastlabki saralash tanlovini o'tkazish bevosita buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Nomzodlarga qo'yiladigan talablar:
stajirovka o'tashga mutaxassislik fani va xorijiy tillarni o'zining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur bo'lgan darajada biladigan, yoshi 20 dan 40 gacha bo'lgan nomzodlar yuboriladi;
nomzodlar bir yil davomida ikki marotaba etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar) stajirovka o'tashga g'olib sifatida ma'qullanishi mumkin emas;
tanlovlarda g'olib deb topilgan nomzodlar stajirovka o'tab kelgandan hamda mazkur stajirovka bo'yicha hisobot taqdim etgandan so'ng navbatdagi kalendar` yilidagi e'lon qilingan tanlovlarga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin.
Saralash tanlovlarni o'tkazish tartibi:
saralash tanlovlar ikki bosqichda maxsus ekspert guruhi tomonidan ko'rib chiqiladi.
Birinchi bosqichda kiritilgan ma'lumot (hujjat)lar Nizomning 11-bandiga mos ravishda to'liq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligi ko'rib chiqiladi.
Ikkinchi bosqichda nomzodlar o'z stajirovka dasturlarini chet tilida taqdimot (prezentatsiya) ko'rinishida himoyasini o'tkazadilar.
Saralash tanlovlar davrida taqdimot himoyasida ishtirok etmagan (kelmagan) nomzodlarning hujjatlari maxsus ekspert guruhining qaroriga asosan rad etilishi mumkin.
Taqdimot himoyasida nomzodlar tanlangan tadqiqot ishini qisqa, lo'nda va asoslangan holda ochib berishi hamda puxta tayyorgarlik ko'rgan holda ishtirok etishlari talab etiladi.
Bunda, maxsus ekspert guruhi taqdimot natijalariga asosan yakuniy xulosa tayyorlashda quyidagi mezonlarga amal qiladi:
xorijiy tillarni o'zining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur bo'lgan darajada bilishi va qo'llay olishi - 30 ballgacha;
stajirovka maqsad va vazifalarining dolzarbligi hamda ilmiy yoki iqtisodiy samaradorligi - 40 ballgacha;
stajirovkaning oliy ta'lim va/yoki ilmiy tashkilotning yo'nalishlari, ehtiyojlari va talablariga mosligi - 30 ballgacha.
Taqdimot natijalariga asosan kamida 60 ball to'plagan nomzodlar maxsus ekspert guruhi qarori bilan g'olib deb topiladi.
Tanlov haqidagi e'lon Vazirlikning rasmiy veb-sahifasi www.mininnovation.uz da joylashtirilgan.
Qo'shimcha ma'lumotlar olish uchun: Ilmiy stajirovkalarni va laboratoriya asbob-uskunalari xaridini tashkil etish bo'limi boshlig'i S. Taxirov, tel.: (90) 989 24 05, elektron manzil: s.takhirov@minninovation.uz hamda etakchi mutaxassisi S. Sultonov, telefon (94) 420 68 70 elektron manzil: s.sultanov@mininnovation.uz.
Yosh olimlarni etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar) qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish uchun taqdim etilishi zarur bo'lgan ma'lumot (hujjat)lar ro'yxati:
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi