O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya
2021-08-23
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Madaniyat vazirliklari shafeligida 30 avgust kuni «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Xalqaro forum O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori va Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq tashkil etiladi.
Unda 200 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar, ziyolilar va ekspertlarning ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning so‘nggi yillarda bosib o‘tgan rivojlanish yo‘li hamda respublikada amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarini tahlil qilish, ichki va tashqi siyyosatning asosiy tendensiyalari hamda O‘zbekistonni tizimli modernizatsiyalash va liberellashtirishning istiqboldagi yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman davomida quyidagi mavzular muhokama qilinadi:
- «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun» tamoyili asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistonda erishilayotgan natijalar;
-iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirlarni qisqartirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish dasturlari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar natijalarini o‘rganish;
- ilm-fan taraqqiyoti va ta’lim sifatini oshirish sohasidagi islohotlar, yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni munosib ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorlash bo‘yicha davlat dasturlarining mohiyatini ochib berish;
- buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri – Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida belgilab berilgan uzoq muddatli strategik vazifalarning ilmiy asoslarini muhokama qilish.
Tadbir «Toshkent siti» xalqaro ishbilarmonlar markazining Kongress-markazida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh axborot hamkorlar etib belgilangan.
Konferensiya doirasida e’lon qilingan ma’ruzalar, ilmiy maqolalar to‘plam shaklida chop etiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi