Abdullo Tangriev – Mustaqil O‘zbekistonning ikkinchi 10 yilligidagi eng yaxshi sportchisi
2020-08-19
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan ajoyib tanlov e'lon qilganidan xabaringiz bor. Unga ko‘ra, dastlabki 3 o‘n yillik uchun eng yaxshi sportchilar saralab olindi va nomzodlar ro‘yxati ovoz berish uchun e'lon qilindi.
15-19 avgust kunlari roppa-rosa 5 sutka davom etgan dastlabki tanlovda 2001-2010 yillardagi eng yaxshi 5 nafar sportchimiz nomi ovozga qo‘yildi. Jarayonda 3646 nafar hamyurtimiz ishtirok etdi. Ular orasida surxordaryolik polvonimiz Abdullo Tangriev 1636 ovoz (45%) to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Erkin kurash bo‘yicha Olimpiada chempioni Artur Taymazov esa 1456 ovoz (40%) bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Batafsil:
1. Abdullo Tangriev – 1636 ovoz (45%)
2. Artur Taymazov – 1456 ovoz (40%)
3. Vadim Menkov – 211 ovoz (6%)
4. Server Jeparov – 195 ovoz (5%)
5. Yekaterina Xilko – 148 ovoz (4%)
Ertaga telegram kanalimizda 2011-2020 yillar uchun eng yaxshi sportchi nomi uchun nomzodlar e'lon qilinadi. O‘z navbatida, Milliy olimpiya qo‘mitasi mazkur tanlovda ishtirok etgan barcha muxlislarga tashakkur aytib, barchani kelgusi dasturlarda ham faol ishtirok etishga chorlab qoladi.
Ma'lumot uchun, Abdullo Tovashevich Tangriev 1981-yil 28-mart kuni Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Dzyudo bo‘yicha Pekin-2008 yozgi Olimpiya o‘yinlari kumush medal' sohibi. 2011-yil mutlaq vazn toifasida jahon chempioni, 3 karra jahon chempionati sovrindori. 5 karra Osiyo chempioni va yana kumush va bronza medallari egasi. Shuningdek, 3 karra Osiyo o‘yinlari sovrindori. Polvonimiz parallel ravishda o‘zbek milliy kurashi bilan ham shug‘ullanib borgan va bir necha bor jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Abdullo Tangrievning mana shunday g‘alabalari yuksak baholanib, u davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “O‘zbekistonda Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi