2019-11-18
Joriy yilning 18-19 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”ning 1-4 pavilonlarida O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkaziladi.
Yurtimizda faoliyat yuritayotgan korxonalarning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini, shuningdek, istiqbolli loyihalarini namoyish etish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur tadbir sanoatchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘rgazmada bugungi kunda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlanayotgan mahsulot turlari va xillari, import o‘rnini bosish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda korxonalarning talab va ehtiyojlari ham ko‘rsatib o‘tiladi.
Buning natijasida sanoatning aynan qaysi yo‘nalishlarini rivojlantirishga, qanday mahsulot va xom ashyoga ehtiyoj borligini o‘rganish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.
Sanoat yarmarkasida mahsulotlarga oid tarqatma materiallar, hududlarning ishlab chiqarish salohiyati jamlangan kataloglar taqdim etiladi.