O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining e'loni
2018-05-18
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5438-sonli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil etildi.
Hozirgi paytda Akademiyaning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha ishlar tashkillashtirilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida ochiqlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralashning shaffofligini ta’minlash maqsadida Akademiyaning bo‘sh lavozimlariga nomzodlarning tanlovi boshlanganligi e’lon qilinadi.
Farmon talablariga ko‘ra Akademiya xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha haq va ustamalarni o‘z tarkibiga oluvchi lavozim maoshiga 100 foiz miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama tatbiq etiladi.
Akademiya xodimlariga prokuratura xodimlari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy muxofaza choralari qo‘llaniladi.
Farmonda Akademiyani quyidagi sohalar bo‘yicha tegishli kasbiy salohiyatga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirish nazarda tutilgan:
- prokurorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish; sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish; jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi ustidan nazorat; qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish; sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash; iqtisodiy jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishni tashkil etish yo‘nalishlari bo‘yicha huquq fanlarini o‘qitish(nomzodlarga talablar: yurisprudensiya bo‘yicha magistr darajasi, oliy ta’lim muassasalari yoki davlat boshqaruvi organlarida kamida 7 yil ish staji, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini qo‘llash ko‘nikmalari va tajribasiga ega bo‘lish, davlat tilini mukammal bilish; rus va ingliz tillarini bilish hamda falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science) darajalariga ega bo‘lish afzallik beradi);
- o‘quv jarayonini tashkil etish va nazorat qilish (nomzodlarga talablar: oliy yuridik yoki pedagogik ma’lumot, oliy ta’lim muassasalarida ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha kamida 5 yillik ish staji, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini tashkil etish ko‘nikmalari va tajribasiga ega bo‘lish, davlat tilini mukammal bilish; rus va ingliz tillarini bilish afzallik beradi);
- elektron (masofaviy) ta’limni tashkil etish (nomzodlarga talablar: oliy ma’lumot, ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish staji, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini tashkil etish ko‘nikmalari va tajribasiga ega bo‘lish, davlat tilini mukammal bilish; rus va ingliz tillarini bilish afzallik beradi);
- til o‘rgatish (nomzodlarga talablar: lingvistika sohasida oliy ma’lumot, ingliz yoki rus tillarida mukammal og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalariga hamda ravon va to‘g‘ri talaffuzga, yo‘nalishi bo‘yicha kamida 5 yillik ish staji, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini qo‘llash ko‘nikmalari va tajribasiga ega bo‘lish, davlat tilini mukammal bilish);
- huquqiy muammolarni ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiq qilish hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash (nomzodlarga talablar: falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajalari, oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari yoki boshqa davlat organlarida kamida 10 yil ish staji, ilmiy-tadqiqot olib borish tajribasiga ega bo‘lish, davlat tilini mukammal bilish; rus va ingliz tillarini bilish afzallik beradi);
- prokuratura organlari faoliyatini psixologik ta’minlash (nomzodlarga talablar: psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumot, sohasi bo‘yicha kamida 5 yillik ish staji, ilmiy-tadqiqot olib borish tajribasiga ega bo‘lish, davlat tini mukammal bilish; rus tilini bilish afzallik beradi);
- tahririy-noshirlik faoliyati (nomzodlarga talablar: oliy ma’lumot (jurnalistika yoki lingvistika sohasiga afzallik beriladi), ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha kamida 5 yillik ish staji, tahrirlash va korrektorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lish, o‘zbek va rus tillari imlo qoidalarini mukammal bilish; ingliz tilini bilish afzallik beradi);
- buxgalteriya hisobi (nomzodlarga talablar: iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumot, byudjet tashkilotlarining moliya-buxgalteriya sohasida shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lish);
- moddiy-texnik ta’minot (nomzodlarga talablar: oliy ma’lumot, byudjet tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minoti sohasida shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lish);
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash (nomzodlarga talablar:axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasi bo‘yicha oliy ma’lumot, ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha kamida 5 yillik ish staji, korporativ tarmoqlar va ma’lumotlar bazasi administratorligi, veb-dizaynerlik ish tajribasiga ega bo‘lish; dasturlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lish afzallik beradi).
Nomzodlarga ko‘rsatilgan maxsus malaka talablaridan tashqari prokuratura organlariga xizmatga qabul qilish bo‘yicha barcha nomzodlarga qo‘yiladigan umumiy talablar amal qiladi.
Telefon raqamlarini ko‘rsatgan holda rezyumelarni academygp@umail.uz elektron manzilga jo‘natishingizni so‘raymiz.
Ma’lumot uchun telefon: (0371) 233-82-73
Ariza topshirish muddati 2018 yil 30 maygacha.